28/Yanvar/2023 Hamkorlik
TOKIO, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixona tomonidan Yaponiya xalqaro madaniyat almashinuvi tashkiloti (ICEJ) bilan hamkorlikda «Ipak yo‘lining go‘zalligi» nomli tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston burchagi tashkil qilinib, mamlakatimizning turizm salohiyati, tarixiy obidalari, shuningdek, milliy hunarmandchilik, to‘qimachilik va ipak mahsulotlari taqdim etildi.
O‘zbekiston turizm salohiyati haqida namoyish etilgan videorolik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Yaponiyalik sanʼat ustalarining o‘zbek milliy cholg‘u asboblari – dutor va doira ijrosidagi chiqishlari tadbirga xushkayfiyat bag‘ishladi.
O‘tkazilgan targ‘ibot anjumani davomida diplomatiya missiyasi xodimlari tomonidan o‘zbek milliy hunarmandchilik, to‘qimachilik va ipak mahsulotlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Yaponiya vakillari bilan ushbu turdagi mahsulotlarning kun chiqar yurtga eksportini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston milliy to‘qimachilik mahsulotlari bilan uyg‘unlashtirilgan yapon milliy kiyimi “kimono”ning taqdimot o‘tkazildi.