29/May/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
TOKIO, 29-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi tomonidan Exime prefekturasining Imabari shahridagi «Matsuyama Seaside Country club» sport klubi maydonlarida golf bo‘yicha «O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi kubogi» turniri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yaponiya hududlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizning investitsiyaviy, sayyohlik, sport va tashqi mehnat migratsiyasi salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan mazkur musobaqada 55 nafar sportchi o‘zaro bellashdi.
Turnir o‘tkazilgan hududda «O‘zbekiston burchagi» tashkil qilinib, mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan yapon tilidagi broshyura, qo‘llanma va sayyohlik xaritalari, shuningdek, mahalliy eksport mahsulotlarini keng targ‘ib qilish maqsadida milliy hunarmandchilik va kulolchilik buyumlari namoyish qilindi.
Turnir g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirokchilarni onlayn tarzda tabrikladi.
Elchi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov o‘z nutqida ikki davlat aloqalari tarixi va ushbu turnirning o‘zaro munosabatlarni yana-da mustahkamlashdagi o‘rni haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston rasmiy vakili turnirga yapon hamjamiyatining qiziqishi juda yuqori bo‘lganini taʼkidladi. «Yaponiyaning turli prefekturalaridan ko‘plab golf ixlosmandlarining turnirga qatnashish uchun ariza topshirgani fikrimizni tasdiqlaydi», dedi diplomat.
Turnir g‘olib va sovrindorlari hamda faol sportchilar elchixona tomonidan munosib taqdirlanishdi.