03/May/2022 Sanalar
TOSHKENT, 3-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda Mudofaa vazirligi tomonidan «Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabga o‘zbekistonliklarning qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo »AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan mazkur anjumanda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov barchani yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni tabrikladi. Qo‘mita raisi bugungi tinchlik zamoni uchun jangohlarda qon kechgan ota-bobolarimizning mardonavor jasoratiga to‘xtalib, ular va ularning yaqinlariga o‘z minnatdorligini bildirdi. Tariximizni sinchiklab o‘rganish, uning qadriga yetish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom maʼnoda yangi davr boshlangani taʼkidlandi. Xususan, yangi maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlangani, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgani, 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida eʼtibordan chetda qolgani aytib o‘tildi.
Konferensiya ishtirokchilari taʼkidlaganidek, aslida bu hayotning o‘zi bir sinov. Hamisha el-yurt manfaatini o‘ylab, yurt ravnaqi va xalq osoyishtaligi uchun umrlarini baxshida etgan insonlar borki, hamisha eʼzozga munosibdir.