30/May/2023 Dolzarb
DEHLI, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 25-may kuni Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqining mazmun-mohiyati va ahamiyati xorijiy davlatlar ekspert-tahlil hamjamiyati vakillarining diqqat markazida bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Javaharlaʼl Neru universiteti huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqotlari markazi professori Sanjay Kumar Pandey O‘zbekiston Prezidenti YEOII doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun yangi o‘sish nuqtalarini topish zarurligini taʼkidlaganiga eʼtibor qaratdi.
-2022 yilda O‘zbekiston va YEOII mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga oshdi va joriy yilda ham o‘sish davom etmoqda, - dedi u. - So‘nggi yillarda mamlakatda sanoat kooperatsiyasi doirasida ko‘plab qo‘shma loyihalar va korxonalar ishga tushirilib, biznes-muloqot faollashmoqda. Xususan, aprel oyida Toshkentda uchinchi bor «INNOPROM Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekistonda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va transport sohalari, shuningdek, aloqa sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha 200 dan ortiq tadbir tashkil etildi.
Mamlakatda savdo-sotiqni yengillashtirish, shuningdek, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm kabi sohalarda aniq dasturlar va tarmoq loyihalari amalga oshirilmoqda. Maqsad transport va logistika zanjirlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, shuningdek, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. O‘zbekiston Prezidenti bojxona maʼmuriyati, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati, shuningdek, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash bo‘yicha elektron platformalar va onlayn tizimlar integratsiyasi haqida so‘z yuritdi.
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda muqobil transport yo‘laklari va barqaror taʼminot zanjirlarini yaratish bo‘yicha izchil qadamlar qo‘yildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev YEOII makonini Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi “Shimol-Janub” xalqaro yo‘nalishi va boshqa avtomobil yo‘llarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, mamlakatingiz yetakchisi tarif siyosati va O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish masalalarida yaqindan muvofiqlashtirish zaruratiga alohida eʼtibor qaratdi.
O‘zbekiston rahbari oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini bosish bo‘yicha saʼy-harakatlarni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklarning to‘liq ishlashini taʼminlash, qo‘shma tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, agrobiznes vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yana-da rivojlantirishni taklif qildi. Davlatingiz yetakchisi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, yetakchi ishlab chiqaruvchilar va oziq-ovqat importchilari ishtirokida «YEOII plyus» shaklida agrar forum o‘tkazishni taklif qildi. Hamkorlikning boshqa keng yo‘nalishlari sifatida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar taʼlim markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish qayd etildi.
Yakunda O‘zbekiston rahbari Yevroosiyo iqtisodiy kengashi YEOII davlatlari va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi, har doim kuzatilganidek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarga boy bo‘ldi.