02/Fevral/2023 Madaniyat
TOSHKENT, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Raʼno Shodiyeva Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning badiiy va telefilmlari festivalida (NFDC) «Eng yaxshi ayol obrazi» nominatsiyasi g‘olibi sifatida eʼtirof etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kinomatografiya agentligi maʼlumotiga ko‘ra, Raʼno Shodiyeva agentlik, «Central Asian Trade Company» (CATC) hamda «Dilshoh media» kinostudiyalari hamkorligida suratga olingan «Ayol qismati» badiiy filmidagi Sojida obrazi uchun taqdirlandi.
Ushbu film hayotda sodir bo‘lgan real voqeliklarga asoslangan. Kino asar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, 2019-2020 yillarda amalga oshirilgan insonparvarlikning eng oliy namunasi - “Mehr” operatsiyasi doirasida Suriyadan olib chiqilgan yuzlab ayollardan biri - Sojidaning ayanchli taqdirini juda taʼsirli tarzda ekranda gavdalantirgan.
«Bu moʻjaz ishdir, deya olmayman, katta mehnat qildik. Lekin bu mehnatning mana bunday yoqimli daqiqalari bo‘ladi, - dedi Raʼno Shodiyeva. - Men bundan juda ham xursandman. Tanlovga qo‘yilgan barcha filmlar juda yuksak darajadagi asarlar edi, unda rol ijro etgan aktyorlar ham juda isteʼdodli, mahoratli, lekin ularning orasidan meni tanlashganidan boshim osmonga yetdi. Bu nafaqat mening, balki o‘zbek kinosining ham muvaffaqiyatidir.
Maʼlumot uchun: «Ayol qismati» badiiy filmi Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan «2-Qo‘rqut ota» kinofestivalida «gran pri» mukofotini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Raʼno Shodiyeva hakamlar hayʼatining maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Shuningdek, 2022 yil 24 dekabrda bo‘lib o‘tgan «Oltin Humo» Milliy kino taqdimotida ham Raʼno Shodiyeva «Eng yaxshi ayol aktrisa» nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan edi.