Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Oktabr/2022   O'zbekistonning ShHTga raisligi

Hindistonda nashr etiladigan “Political Events” jurnalida SHHT Samarqand sammiti yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola bosilib chiqdi

DЕHLI, 9-oktabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonda chop etiladigan “Political Events” jurnalida SHHT Samarqand sammiti yakunlariga bag‘ishlangan “SHHT: Tahlikali dunyoda konstruktiv muloqot maydoni” sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.


Siyosiy fanlar doktori, professor Qahramon Quronboyev hamda siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Otabek Hasanov qalamiga mansub ushbu tahliliy maqolada joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan  Shanxay hamkorlik tashkilotining yigirma ikkinchi sammiti yakunlarining tafsilotlari atroflicha qalamga olingan. Unda butun dunyo nigohi qaratilgan keng qamrovli nufuzli tadbirga asrlar davomida millatlararo muloqot, o‘zaro madaniy va ma’naviy hamkorlik, savdo va ilmiy almashinuvlar markazi bo‘lib kelgan Samarqand shahrining tanlanishi bejiz emasligi, bu bilan qadimiy o‘zbek davlatchiligiga va uning tarixiy salohiyatiga urg‘u berilgani qayd etilgan. 

Maqolada O‘zbekiston raisligida SHHT chinakam serqirra hamkorlik, o‘zaro ishonch va erkin muloqot tashkilotiga aylandi, o‘z salohiyatini qaytadan kashf etdi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajada faollashgan ochiq va konstruktiv Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi o‘z imkoniyatlarini keng mintaqaviy miqyosda ko‘rsata olganiga e’tibor qaratilgan.

Unda pandemiya boshlanganidan buyon so‘nggi uch yilda ilk marta muloqot shaklida o‘tkazilgan yirik anjumanda 14 ta davlat yetakchisi, Saudiya Arabistoni, Qatar va Misrning oliy vakillari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgani ma’lum qilinar ekan, sammitda SHHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlari rivojlanib borayotganiga urg‘u berilgani qayd etilgan. Shu o‘rinda Eron Islom Respublikasining Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum, Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga muloqot bo‘yicha sherik lar maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar hamkorlik doirasi kengayayotganidan dalolat berishi ta’kidlangan.

Maqolada, shuningdek, Belarus Respublikasiga SHHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish bo‘yicha protseduralarni boshlash to‘g‘risida ham qaror qabul qilingani ham o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.

Mualliflar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida bir qator muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surgani, aAyniqsa, “Shanxay ruhi” tamoyili asosida va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishish haqidagi taklifi Tashkilot a’zolari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani alohida qayd etilgan. Ushbu dasturulamal hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi va SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishiga urg‘u berilgan. 

Maqolada O‘zbekiston raisligi davrining SHHT muvaffaqiyati ifodasi ekanligi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu o‘rinda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan SHHT raisligi doirasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida saksondan ortiq tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida o‘ttizdan ortiq hujjatlar qabul qilingani qalamga olingan. 

“O‘zbekiston shafeligida ilk bora ahamiyat jihatdan dolzarb bo‘lgan axborot xavfsizligi, sanoatni rivojlantirish va gender masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. Misol uchun, tadbirkor ayollarning birinchi forumi a’zo mamlakatlar biznes doiralarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni yanada bir-biriga yaqinlashtirish va hali to‘liq ochilmagan salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam bergan bo‘lsa, SHHTning axborot xavfsizligi bo‘yicha ilmiy-ekspert forumi zamonaviy chaqiriq va umumiy tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish asosida “tayanch nuqtalari”ni belgilab olishda o‘z ifodasini topdi”, deb yozadi nashr. 

Maqolada, shuningdek, O‘zbekistonning raisligi davrida amaliy uchrashuvlar faqatgina Toshkentda emas, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etildi. Masalan, Farg‘ona, Nukus, Buxoro shaharlarida SHHT Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi yig‘ilishlari, Buxoroda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Xivada transport vazirlari majlislari o‘tkazilib, hamkorlik rejalari atroflicha muhokama qilindi va tashkilot kun tartibida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga aniqlik kiritilgani ham ta’kidlangan. 

“Shubha yo‘qki, Mintaqalararo savdoni rivojlantirish rejasi, Transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha SHHT strategiyasi, Infratuzilmani rivojlantirish dasturlari hamkorlikni mustahkamlashda yangi davrni ochib berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston SHHT mintaqasining transport salohiyatidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratishga va uni asosiy strategik vazifalardan biri sifatida belgilash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi. Shu maqsadlarda geoiqtisodiy vaziyatda o‘ziga xos strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston”, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘l liniyalari qurilishi Markaziy Osiyo davlatlarini dunyo bozorlariga olib boruvchi qisqa yo‘l bilan ta’minlashga tarixiy imkoniyat yaratadi”, deb yozadi jurnal. 

Yuqoridagilar bilan birga, ushbu maqolada O‘zbekistonning raisligi davri hamkorlikni faollashtirish orqali SHHT taraqqiyot strategiyasini mazmunan boyita olgani, SHHT Samarqand sammiti dunyodagi boshqa sammitlardan farqli ravishda muammolarga amaliy yechim topiladigan maydonga aylangani, O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslar keng Yevroosiyo makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan bog‘liq jihatlar bo‘yicha mualliflarning mulohazalari, shuningdek, SHHT atrofida jipslashgan davlatlar rahbarlarining ushbu tashkilot buguni, istiqbollari va oldinda turgan dolzarb vazifalari yuzasidan bildirgan fikrlari ham o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.

Mavzuga oid

O‘zbekiston TIV rahbari “SHHT: o‘tmish, ...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun videokonferens...

Vladimir Norov: O‘zbekiston yetakchisi k...

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining (SHHT T...

Bugun Toshkentda O‘zbekiston raisligida ...

Bugun Toshkentda O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Milliy koordinatorlar...

So`nggi yangiliklar