10/Iyul/2020 Iqtisodiy diplomatiya
DEHLI, 10 iyul. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi vakillari «UNO MINDA» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Nirmal Minda bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«UNO MINDA» 1958 yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtomobillar, ikki va uch g‘ildirakli transport vositalari uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. «UNO MINDA»ning bosh ofisi Xaryana shtatining Manesar shahrida joylashgan. Kompaniya korxonalarida 21 mingdan ortiq kishi doimiy ish bilan band. Manesar, Sonepat va Puna shaharlarida muhandislik, ilmiy-tadqiqot va rivojlantirish markazlari faoliyat ko‘rsatadi. Hindiston, Indoneziya, Vetnam, Ispaniya, Marokash, Meksika, Kolumbiya kabi mamlakatlarda 62 ta o‘z ishlab chiqarish ob’ektlariga ega. Kompaniyaning bir yillik savdo aylanmasi 1,1 milliard AQSh dollaridan ziyod.
Muzokaralar chog‘ida Nirmal Minda Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil diskalari va yoritish jihozlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, kelajakda esa boshqa ehtiyot qismlarni ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.