19/Noyabr/2021 Sanalar
FRANKTFURT-MAYN, 19 noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha mamlakatimizda Davlat bayrog‘i kuni keng nishonlandi. «O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga bu yil 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Germaniyadagi vatandoshlar O‘zbekiston xalqiga ushbu muhim sana munosabati bilan o‘z tabriklarini yo‘llayapti, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Otabek Xoliqboyev, Frankfurt-Mayndagi “Humo” Germaniya-O‘zbekiston madaniyat jamiyati rahbari:
- Millatni birlashtiradigan, xalq ruhini ifoda etadigan, uning shonli o‘tmishi, buguni va kelajagini anglatadigan sanalar bor.
Ular orasida Vatanimiz bayrog‘i kuni ham mavjud.
O‘zbekiston bayrog‘i Vatan qudrati va mustaqilligini o‘zida mujassam etgan, davlatimizning g‘oya va tamoyillarini ifoda etgan, o‘z yurti va xalqi uchun faxru iftixor ramzi bo‘lib xizmat qiladi. Xalqaro miqyosdagi eng muhim hujjatlar ham milliy bayrog‘imiz ostida imzolanadi. Askar va ofitserlarimiz shaniga, sportchilarimiz g‘alabalariga bayrog‘imiz ko‘tariladi.
Bayroqqa hurmat - buyuk tariximiz, madaniyatimiz va anʼanalarimizga hurmat demakdir. U kuchli va mustaqil mamlakat belgisi.
Germaniyadagi barcha yurtdoshlarimiz O‘zbekistonning ushbu ramzi bilan faxrlanadi.
Milliy bayrog‘imiz barqaror va farovon O‘zbekiston uzra mag‘rur hilpirab tursin, biz buyuk yurt fuqarosi ekanimizni bildirsin. Qalbimizda doimo Vatanimiz, bayrog‘imiz, xalqimiz va ona O‘zbekistonimizdan faxrlanishdek buyuk tuyg‘usi porlasin!
Barcha yurtdoshlarimga baxt, tinchlik va farovonlik tilayman.