07/Mart/2022 Dolzarb
BЕRLIN, 7-mart. /«Dunyo» AA/. Germaniya global va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (German Institute for Global and Area Studies) Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha eksperti Katrina Fich “Dunyo” axborot agentligiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning 3-4 mart kunlari Pokistonga buyurgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentini Pokistonda oliy darajada kutib olishdi. Uni aeroportda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon kutib oldi. O‘zbekiston rahbarining bu galgi tashrifi ramziy ma’noda buyuk tarixiy voqea – ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston rahbari Islomobodda Prezident Orif Alvi, Bosh vazir Imron Xon bilan muzokaralar olib bordi, protokol tadbirlarida ishtirok etgani barobarida an’anaviy ravishda Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashib, o‘z mamlakatiga yangi investitsiyalarni jalb qilish uchun ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Unda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» va boshqa ko‘plab kompaniyalarning rahbarlari ishtirok etdi.
Oliy darajadagi konstruktiv muloqotlarning faollashuvi so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro ishonch darajasining izchil o‘sishini belgilab berdi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Imron Xon Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida o‘zaro fikr almashib, O‘zbekiston – Pokiston hamkorligini keng qamrovli yo‘nalishlarda rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish va muhim loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlashga qat’iy qaror qilganliklarini tasdiqlashgan edi. Bu galgi tashrif erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi va ularni tezroq amalga oshirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuvlarda Bosh vazir Imron Xon savdo-iqtisodiy hamkorlikni, xususan, tranzit va imtiyozli savdo bo‘yicha muhim ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirish orqali kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Pokiston ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdordir. Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida umumiy qiymati qariyb 800 million dollarlik qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar buni yaqqol tasdiqlaydi.
Germaniya, albatta, O‘zbekiston Prezidentining nafaqat ko‘hna Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab, balki umuman Yevropa va Osiyo xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini mamnuniyat bilan olqishlaydi.
Dunyodagi mavjud notinchlikni hisobga olgan holda O‘zbekistonning ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha tashabbusini amalga oshirish, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatish, shuningdek, yangi logistika yo‘laklarini rivojlantirish istagi dolzarb ahamiyatga ega ekanligiga shubha yo‘q. Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning ushbu transport yo‘llarida tarixiy va zamonaviy markaz sifatidagi ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.