28/Yanvar/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
BERLIN, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Germaniya Bundestagida (parlament) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni hamda O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Bundestagning «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisi Oygen Shmidt boshchiligidagi deputatlar, «Germaniya – O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati va «Germaniya – Yevroosiyo» iqtisodiy uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
Oygen Shmidt davra suhbatini ochar ekan, O‘zbekistonda parlamentarizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr va tajriba almashish Bundestagda katta qiziqishga egaligini taʼkidladi. «Biz hozir O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda Oliy Majlisning xotin-qiz aʼzolaridan iborat delegatsiyaning Germaniyaga tashrifini tashkil etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borayapmiz. Bunday uchrashuvlar o‘zaro tushunishga, ishonchni mustahkamlashga va tajriba almashishga xizmat qiladi hamda samarali hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi», dedi u.
Anjuman qatnashchilari eʼtiboriga O‘zbekistondagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va bank-moliya sohalarida olib borilayotgan islohotlar, biznes yuritish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida maʼlumot taqdim etildi. O‘zbekistonlik sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va hamkorlikni faollashtirish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Germaniya ishbilarmon doira vakillarini O‘zbekistonga amaliy safarlarini tashkil etish orqali mamlakatimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarni xorijiy hamkorlarga tanishtirish zarurligi taʼkidlandi.
«Germaniya – Yevroosiyo» iqtisodiy uyushmasi raisi Tomas Overbek O‘zbekiston uyushmaning Yevroosiyo hududidagi faoliyatida muhim o‘rin tutishini va respublika bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
«Boy yuksak iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakat hisoblanadi, - dedi u. - Shu sababdan biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning o‘ziga xos “katalizatori” sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirganmiz. Ushbu maqsadda hozirda uyushmaga aʼzo kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga safari tayyorlanmoqda».
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Germaniya parlamenti aʼzolari va ishbilarmon doiralari vakillari o‘zbek diplomatlaridan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
Aniko Merten, Bundestagning «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisi o‘rinbosari:
- Men har safar Markaziy Osiyo haqida o‘ylaganimda birinchi bo‘lib qadimiy tarix va boy madaniy merosga ega O‘zbekiston ko‘z oldimga keladi.
O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni va geosiyosiy ahamiyatini inobatga olgan holda hamkorlikning rivojlanishi har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi shubhasiz. «Germaniya – Markaziy Osiyo» parlament guruhi barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib kelmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam rivojlanib borayotgan aloqalarda iqtisodiy hamkorlik tobora muhim o‘rin egallab bormoqda.
Xususan, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan sanaladi. Germaniyada taʼlim va kasb-hunar taʼlimi sohasida katta tajriba mavjud va u O‘zbekistonda samarali joriy etilishi mumkin.