23/Yanvar/2023 Iqtisodiy diplomatiya
RIGA, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Estoniyadagi elchisi Qadambay Sultonov (qarorgohi – Riga shahrida) Estoniya Savdo-sanoat palatasi vakolatxonasi rahbari Magnus Ilmyar bilan onlayn-muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulug‘bek Qosimxo‘jayev va Estoniyaning mamlakatimizdagi elchisi Tomas Tirs ham ishtirok etdi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning amaliy masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar 2022 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshib, 92 million AQSH dollaridan oshganini ijobiy baholadi. Estoniyaning yirik tadbirkorlik subyektlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Estoniya vakillari mart oyida O‘zbekistonga biznes-missiya tashkil etishni taklif qildi. Missiya tarkibiga AKT va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, raqamli va “yashil” texnologiyalar, yuridik xizmatlar, turizm, savdo va boshqa sohalarga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalar vakillari kiritiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Estoniya ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifining tashkiliy, moddiy-texnik va mazmuniy masalalarini birgalikda o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi, bunda tomonlar manfaatlariga javob beradigan amaliy natijalarga erishishga alohida eʼtibor qaratdi.