18/Yanvar/2022 Dolzarb
TOSHKЕNT, 18-yanvar. /«Dunyo» AA/. Ertaga O‘zbekiston-Hindiston tahlil markazlarining uchinchi forumi onlayn shaklda bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Forum Hindiston xalqaro ishlar ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilmoqda.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Praxat tadbir ishtirokchilariga tabrik nutqi yo‘llaydi.
Hindiston tomonidan forumda Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi, Xalqaro ishlar bo‘yicha Hindiston kengashi, Global tadqiqotlar instituti, «Delhi Policy Group» aql markazi, Javoharlal Neru universitetining xalqaro tadqiqotlar va til, adabiy va madaniy tadqiqotlar maktablari, Mintaqaviy savdo markazi, MMAJ Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi, «Tillotomi» jamg‘armasi vakillari ishtirok etadi.
O‘zbekistondan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Mintaqalararo va strategik tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti, shuningdek, «Bilimlar karvoni» nodavlat tashkiloti vakillari qatnashadi.
Ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalar, jumladan, siyosat, iqtisodiyot, investitsiya, transport, ekologiya va madaniyat sohalariga doir masalalarni muhokama qilish ushbu forum dasturidan o‘rin olgan.
Toshkent va Dehlining xalqaro maydondagi, jumladan, ko‘p tomonlama tashkilotlar - BMT, SHHT, shuningdek, «Hindiston+Markaziy Osiyo» formatidagi o‘zaro hamkorligiga ham e’tibor qaratiladi.