24/Noyabr/2021 Ilm-fan
TOSHKENT, 24 noyabr. /“Dunyo” AA/. Ertaga Minsk shahrida MDHga aʼzo davlatlar olimlarining III forumi o‘z ishini boshlaydi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum ishida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi bosh ilmiy-kotibi G‘ayrat Bahodirov boshchiligidagi qator oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki kunlik forum yalpi majlis bilan ochiladi va unda MDH mamlakatlari delegatsiyalari vakillari so‘zga chiqadi. Anjuman doirasida uchta davra suhbati o‘tkazish rejalashtirilgan. Ularda fundamental fanning rivojlanish holati va istiqbollari, raqamli davrda ilmiy hamkorlikni takomillashtirish hamda innovatsion ilmiy tadqiqotlar mavzulari muhokama qilinadi.
Shuningdek, Xalqaro Fanlar akademiyalari uyushmasi ilmiy kengashi kongressi va MDHga aʼzo davlatlarning Fundamental ilm-fan sohasida hamkorlik kengashi yig‘ilishlari ko‘zda tutilgan. Forum so‘nggida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, ilmiy anjumanda MDHning Fanlar akademiyalari va yirik ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, taniqli olimlar, jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston delegatsiyalari vakillaridan iborat 150 kishi ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumning asosiy maqsadi MDH davlatlarining ilmiy-texnikaviy hamkorligini faollashtirish, yangi qo‘shma tadqiqotlarni rag‘batlantirish, Hamdo‘stlikda innovatsion siyosatni ishlab chiqish yo‘llarini taklif etish, MDH professional hamjamiyatida olimlar va yosh mutaxassislarning xalqaro mobilligi tizimini shakllantirishdan iboratdir.
Hamdo‘stlik olimlari ilm-fan istiqbollarini batafsil tahlil qiladi va raqamli davrda ilmiy hamkorlikni yana-da yaxshilash yo‘llarini topish bo‘yicha fikr almashadi.