29/Iyun/2022 Konstitutsiyaviy islohotlar
LONDON, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning Brunel universitetida tahsil olayotgan vatandoshimiz Javlonbek Isroilov yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida o‘z munosabatini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanini, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Men O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15-moddasiga yangi normalar kiritilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Ushbu modda “O‘zbekiston Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi” jumlalari bilan to‘ldirilishi xalqimizning huquq va manfaatlari Vatanimiz himoyasida ekanligidan dalolat beradi.
Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan normalarning qo‘shimcha qonunlar qabul qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish tartibini belgilash fuqarolarning Asosiy qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish uchun kafolat yaratadi.
Shu bilan birga mazkur yangi normalarning kiritilishi ijtimoiy munosabatlarni bevosita Konstitutsiya normasini qo‘llagan holda tartibga solish va hal etish imkoniyatini taqdim etadi.