Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Yanvar/2022   Sayyohlik

Buyuk Britaniya OAV O‘zbekistonni 2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi mamlakatlardan biri sifatida atadi

 LONDON, 3  yanvar. / “Dunyo” AA/.  Yangi yilning birinchi kunida  Buyuk Britaniyaning ommabop «The Independent» onlayn-nashri saytida «2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar» sarlavhali  maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA  muxbiri.


Nashr tahririyati ushbu sohaga ixtisoslashgan jurnalistlarning tavsiyalari asosida sayohat qilish uchun eng ommabop 10 ta yo‘nalishni eʼlon qilgan. Ushbu ro‘yxatga Normand orollari, Shimoliy Irlandiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Misr, Butan va O‘zbekiston kiritildi.

Nashrning sayyohlik bo‘yicha muharriri Helen Koffi ushbu ruyxatdan o‘rin olgan O‘zbekiston haqida to‘xtalar ekan, Ipak yo‘lining madaniy va tarixiy jihatdan qoq markazida joylashgan, boy merosga ega mamlakatga sayohat qilish taassurotlarga boy bo‘lishini taʼkidlagan.

O‘zbekiston bir necha yil avval Buyuk Britaniya fuqarolariga viza talablarini yengillashtirgani, endi ular mamlakatda vizasiz 30 kungacha bo‘lib turishi mumkinligi qayd etilgan.

Muallif O‘zbekistonga safarni rejalashtirayotganda o‘z o‘quvchilariga joriy yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro festivallar va boshqa yirik madaniy tadbirlarni o‘z jadvaliga kiritishni maslahat bergan. Uning aytishicha, ushbu madaniy tadbirlar, albatta, sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi.

Helen Koffi  Xivada o‘tkaziladigan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Mo‘ynoqdagi “Stixiya” musiqa festivali, Qo‘qonda uyushtiriladigan lavanda festivali, Samarqandda har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Toshkent va Buxorodagi «Ipak yo‘li» adabiy festivali, Qo‘qon hunarmandlar xalqaro festivali va Toshkent xalqaro kinofestivalini sanab o‘tgan.

Bundan tashqari, sanʼat va meʼmorchilik ixlosmandlari eʼtibori bu yil ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va qayta taʼmirlangan Davlat sanʼat muzeyiga ham qaratilgan.

 

 

Mavzuga oid

O‘zbekiston turizm salohiyati xalqaro an...

O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimiz Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi T...

O‘zbekiston “Virus-Free” xalqaro turizm ...

Turizm sohasida sayyohlik sanoati obyektlarini epidemiyalardan himoya qilish uchun sertifi...

Rossiyaning “Moya planeta” telekanalida ...

“Youtube” videoxostingidagi “Moya planeta” telekanali azim shahar – Toshkent haqidagi ajoy...

So`nggi yangiliklar