04/May/2021 "Dunyo" AA reportaji
BUXORO, 4-may. /«Dunyo» AA/. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “QuWatt” brendi ostidagi AI-95 mahalliy avtobenzinini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Zafar Yo‘ldoshqulov.
Mana 23 yildirki, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bu tarmoqda yetakchilik qilib kelmoqda. Zavod yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda avtobenzin, aviakerosin, dizel yonilg‘isi, uglevodorod eritmasi, mazut, siqilgan gaz, oltingugurt ishlab chiqariladi.
O‘z navbatida, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining “2016-2020 yillarda uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Germaniyaning BASF SE kompaniyasi bilan birgalikda “QuWatt” markali mahalliy AI-95 avtobenzini ishlab chiqarilmoqda.
Mazkur avtoyoqilg‘i dvigatellarda tozalikni qo‘llab-quvvatlaydi, klapanlar tozalanishining yuqori darajasini taʼminlaydi, avtomobil dvigateli quvvatini kuchaytiradi, 3 foizga qadar yoqilg‘i tejaydi, qish mavsumida dvigatelning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi va yana boshqa bir necha afzalliklarga ega.
Shuni qayd etish joizki, 2021 yilning birinchi choragida 480 tonna “QuWatt” brendi ostidagi AI-95 markali avtobenzin ishlab chiqarilgan bo‘lib, ayni paytda mazkur mahsulot respublika tovar-xom-ashyo birjasi orqali sotilayotir.