25/Oktabr/2022 Hamkorlik
TOSHKENT, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «ICTWEEK Uzbekistan 2022» AKT haftaligi doirasida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov BMTning masʼul xodimi Vincenzo Aquaro bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot avvalida tomonlar BMTning joriy yilgi reytingi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Vincenzo Aquaro qisqa muddatda tadqiqot natijalarini rus tiliga tarjima qilishga muvaffaq bo‘lgani hamda «BMT tadqiqoti: elektron hukumat 2022» nashri uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish va navbatdagi reytinglarda O‘zbekiston elektron hukumati indeksini oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar qanday bo‘lishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida: Vincenzo Aquaro – BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining (UN DESA) Davlat institutlari va raqamli hukumat bo‘limida (DPIDG) raqamli hukumat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatadi.
UN DESAning asosiy vazifasi – BMTga aʼzo davlatlar vakolatiga ko‘ra, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohalarda yirik global konferensiyalar va sammitlarni o‘tkazish orqali mamlakatlarning umumiy muammolarini hal qilish va ularning rivojlanishiga yordam berishdan iborat.