Uz / Ўз Ru En

Toshkent

02/Iyul/2022   Jamiyat

Biz yoshlar Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni o‘z zimmamizga olishimiz va katta maqsadlar yo‘lida dadil harakat qilishimiz kerak

 SEUL, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi bilan Janubiy Koreyada tahsil olayotgan yoshlar katta qiziqish tanishmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.  


Farhod Muhammadiyev, O‘zbekiston Yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining  Janubiy Koreyadagi vakotaxonasi koordinatori:

 - 30 iyun kuni Yoshlar kuni munosabati «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalari va unda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi barchani birdek hayajonga soldi.

Unutilmas voqelikka aylangan ushbu tantanali marosim yigit-qizlarimizning yuksak parvoziga qanot bag‘ishladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 30 iyun sanasi mamlakatimizda «Yoshlar kuni» deb eʼlon qilingan. O‘tgan davr mobaynida davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlari bilan ko‘plab uchrashuvlar, ochiq muloqotlar o‘tkazib, yoshlarni qiynab kelayotgan masalalarni o‘rganib, ularni tizimli yechish bo‘yicha topshiriqlar bermoqda, yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishtirmoqda.

Bu safar ham shunday bo‘ldi. Prezidentimiz o‘z bayram tabrigida O‘zbekiston yoshlari uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Xususan, bundan buyon har yili oliy bilim yurtlarining sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan 500 nafar eng faol yoshlar yetakchilarining kontrakt to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berilishi nafaqat yoshlar uchun, balki ularning ota-onasi uchun ham katta yangilik bo‘ldi.

Prezidentimizning «men yoshlar yetakchilari timsolida bo‘lajak hokimlar va vazirlarni, yirik bank va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar liderlarini ko‘raman», degan so‘zlari har bir iqtidorli yoshning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shishi shubhasiz.

Albatta, bugun yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar ko‘lami yana-da kengaymoqda. Biz ham shunga munosib bo‘lib, Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni o‘z zimmamizga olishimiz, buning uchun ezgu va katta maqsadlar yo‘lida dadil harakat qilishimiz kerak.

Javohir Samijonov,  “Woosong” universiteti magistranti:

- Aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qatʼiy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini davlatimiz rahbari yaxshi anglaydi.

So‘nggi 6 yil davomida yoshlar masalasi bir lahza bo‘lsada davlatimiz rahbari eʼtiboridan chetda qolgani yo‘q. Buni kecha bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Prezidentning ishtirok etganidan, yoshlar bilan chin ko‘ngildan, ochiq va do‘stona muloqot qilganidan ham ko‘rish mumkin.

Tantanali marosim avvalida davlatimiz rahbari Prezident va ijod maktablari o‘quvchilari, Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari, yosh olim va ijodkorlar, dasturchilar, sportchilar va tadbirkorlar bilan gaplashib, «Bugungi yoshlarimizning salohiyati, dunyoqarashi, bildirgan taklif va tashabbuslari, mustaqil fikrlashi, kelajak va Vatan haqida, o‘zining jamiyatdagi o‘rni va masʼuliyati haqidagi qarashlari barcha ota-onalar, ustoz-murabbiylar qatorida meni ham cheksiz quvontiradi», dedi.

Albatta, bugun yoshlarimizning o‘z isteʼdodi va mahoratini namoyon etish uchun barcha imkoniyat mavjud. Eng muhimi, ular doim davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bugun biz Vatandan olisda bo‘lsakda, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlardan quvonamiz. Kelajakda zamonaviy bilim va tajribalarni o‘rganib, yurtimiz rivoji uchun o‘z hissasimizni qo‘shamiz.

Mohichehra Rahmatullayeva, Janubiy Koreyaning SolBridge xalqaro biznes maktabi talabasi:

- Yoshlik - g‘ayrat, shijoat va jo‘shqinlik fasli. Bu davrda har bir yigit-qiz o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib, ulkan marralar sari intiladi. Yurtimizda yoshlarning bilim olishi, malakasini oshirishi, ish-joy bilan taʼminlanishi borasida yaratib berilayotgan yangidan yangi imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan keng islohotlar esa O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi bo‘lgan yoshlarga o‘z orzularining ruyobi yo‘lida katta ishtiyoq va ko‘tarinkilik baxsh etmoqda.

Men ham yosh avlod vakili sifatida Prezidentimizning Yoshlar kuni munosabati bilan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalaridagi ishtiroki va bayram tabrigini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib bordim.

Prezidentimiz shu kunlarda yurtimizda davom etayotgan muhim siyosiy jarayon  - Konstitutsiyamizni umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqib, uni takomillashtirish masalasiga ham to‘xtalib, bu borada kelib tushgan taklif va tashabbuslarning 70 foizdan ortig‘i aynan yoshlarimiz tomonidan bildirilganini alohida taʼkidladi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etishini bildirdi.

«Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessans bunyodkorlarisiz», dedi Prezidentimiz.

Albatta, hozirgi kunda mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek yuksak maqsadni oldimizga qo‘ygan ekanmiz, yaratilgan barcha shart-sharoit va imkoniyatlandan biz yoshlar oqilona foydalanishimiz kerak.

Mavzuga oid

Ozarbayjonlik jarroh, professor Gurbanxa...

Bokudagi elchixonamiz ko‘magida Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, o‘t pufagi y...

Misr OAVlarida O‘zbekistonda SOVID-19 ga...

MENA axborot agentligi muxbiri O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf...

Toshkent va Seul shaharlarining markaziy...

O‘zbekistonnining Janubiy Koreyadagi elchixonasi xodimlari Seul meriyasi xalqaro aloqalar ...

So`nggi yangiliklar