09/Dekabr/2021 "Dunyo" AA reportaji
DUBAY, 9-dekabr. /«Dunyo» AA/. Kecha Dubay (BAA) shahrida bo‘lib o‘tayotgan “EKSPO-2020” Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston kuni doirasida milliy pavilonda 1000 kilogrammlik bayram palovi tayyorlanib, uni ikki mingdan ortiq kishi tatib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gastronomik tadbir muallifi milliy taomlar bo‘yicha taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy bo‘lib, unga mamlakatimizning eng sara oshpazlari yordam berdi.
Taom tayyorlash jarayoni O‘zbekiston milliy paviloniga kiraverishda o‘rnatilgan ulkan ekranda onlayn shaklda translyatsiya qilindi.
Yurtimiz tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan tantanaga kelganlarning ko‘pchiligini palovning xushbo‘y hidi, karnay va surnaylarning baland ovozdagi chaqiruvi o‘ziga tortdi.
Afsonaviy o‘zbek palovidan tatib ko‘rish uchun odamlarning uzundan-uzoq navbatga turgani oshpazlarimizning mahoratiga, milliy taomlarimiz tantanasiga berilgan yuksak baho bo‘ldi.
“Dunyo” axborot agentligi muxbiri Anvar Ilyosov oqshom muhitini o‘z fotokamerasiga muhrladi.