29/Iyun/2022 Konstitutsiyaviy islohotlar
DUBAY, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Arab Amirliklarida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan faol vatandoshimiz Husnitdin Umerov O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
– Hozirgi kunda vatandoshlarimizning diqqat-eʼtibori O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha boshlangan jarayonga qaratilgan desam xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi nutqi va mazkur muloqot davomida bildirilgan takliflar bilan tanishib chiqib, Shavkat Mirziyoyevning Asosiy qonunimizni takomillashtirish zarurligi haqida tashabbuslariga qo‘shilaman.
Men ancha vaqt mobaynida Birlashgan Arab Amirlikalarida istiqomat qilib kelayotgan bo‘lsamda, oxirgi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Ayniqsa, mamkatamizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar xalq farovonligini yana-da yuksaltirishga qaratilgani bizni juda quvontiradi.
Hozirgi vaqtda hukm surayotgan global koronavirus pandemiyasi davlatlarga kuchli sog‘liqni saqlash tizimiga ega bo‘lish qanchalik muhim ekanligini yaqqol ko‘rsatdi. Shu bois aholi salomatligini taʼminlash eng ustuvor masalalardan biri, deb o‘ylayman. Binobarin, har bir inson sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonning ijtimoiy faol fuqarosi sifatida Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirishiga, mamlakat fuqarolari huquq va erkinliklarining mustahkam kafolatiga aylanishiga ishonchim komil.