24/May/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
TOSHKENT, 24-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning Birlashgan Arab Amirliklariga amaliy tashrifi mazkur mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Dubay bojxonasi O‘zbekiston delegatsiyasi bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qildi”, deb maʼlumot tarqatdi WAM axborot agentligi.
«Biz o‘zaro savdoni rivojlantirish, bilim va tajriba almashishga ko‘maklashish maqsadida do‘st davlatlar bojxona tashkilotlari bilan aloqalarimizni kengaytirish ustida astoydil harakat qilamiz», deb taʼkidlagan maqolada Dubay bojxona boshqarmasi bosh direktori, Portlar, bojxona va erkin zonalar korporatsiyasi bosh direktori Ahmad Mahbub Musabih.
Sharjada chop etiladigan yetakchi “Gulf Today” gazetasi O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi va BAAning “DP World” kompaniyasi o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga yuqori baho bergan. Maqolada O‘zbekiston delegatsiyasining Dubay bojxonasi va Jebel Ali portiga tashrifi tafsilotlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Mazkur gazeta BAAda keng formatda chop etiladigan eng yirik to‘rtta gazetaning biri hisoblanadi.
Birlashgan Arab Amirliklari ishbilarmon doiralari va keng jamoatchiligining O‘zbekistonga bo‘lgan yuqori qiziqishi kuzatilmoqda. Ayni jihat ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga undamoqda.