01/Aprel/2020 Jamiyat
VENA, 1- aprel. /«Dunyo» AA/. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida dunyoning aksariyat davlatlari kabi karantin choralarini kuchaytirmoqda. Xususan, respublikada koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida havo va temir yo‘l transporti harakati karantin muddatiga to‘xtatildi.
Bunday vaziyatda dunyoning turli o‘lkalarida bo‘lgan ko‘plab davlatlarning fuqarolari, shu jumladan vatandoshlarimizning yurtga qaytish imkoniyati vaqtincha cheklandi.
Mavjud sharoitlarni hisobga olgan holda, qator davlatlar viza masalalarini hal qilishda bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatib, chet el fuqarolarining o‘z hududlarida qonuniy ravishda bo‘lishiga ruxsat bermoqda.
Xususan, Avstriya tomoni rasmiylarining qaroriga binoan, ayni paytda Avstriya Respublikasi hududida bo‘lib turgan va viza muddati tugaguncha mamlakatdan chiqib keta olmayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, karantin tufayli mamlakatdan kechikkan sanalarda chiqib ketish viza rejimining buzilishi, deb hisoblanmaydi.