04/Fevral/2023 Sanalar
ASHXOBOD, 4-fevral. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Turkmaniston Tashqi ishlar va Madaniyat vazirliklari bilan hamkorlikda Ashxobod shahridagi «Toshkent» sayilgohida ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi va milliy taomlar festivali o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Unda Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisning o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, madaniyat vaziri Atageldi Shamuradov, ta’lim vaziri Gurbangul Atayeva, Turkmaniston Majlisi deputatlari, vazirlik va idoralari rahbarlari, xorijiy davlatlar diplomatiya missiyalari rahbarlari, shuningdek, ushbu mamlakatdagi o‘zbek jamoatchiligi faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bayramning ochilish marosimida Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov yig‘ilganlarni ushbu sana bilan samimiy qutladi.
- Diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 30 yil tarixiy ahamiyatga ega davr hisoblanib, asrlar davomida yonma-yon yashab, o‘z davlatlarini barpo etib hamda umumminsoniy qadriyatlarni ilgari surib kelayotgan o‘zbek va turkman xalqlarining o‘zaro birodarlik aloqalarining rivojlanishi, mustahkamlanishi, chuqurlashishi va kengayishida muhim bosqich bo‘ldi, - dedi Turkmaniston TIV rahbari. – Turkman va o‘zbek xalqlarining atoqli farzandlari dunyo sivilizatsiyasi xazinasiga, ilm-fan, adabiyot, madaniyat, san’at va jamiyat hayotining boshqa sohalariga o‘zlarining ulkan hissasini qo‘shgan. Bugun mamlakatlarimiz ushbu boy merosga asoslanib o‘z davlat rahbarlari boshchiligida mazkur sharafli yo‘lni munosib davom ettirmoqda. Turkmaniston va O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki mantaqadan tashqarida ham yaxshi qo‘shnichilikning namunasi sifatida e’tirof etilayotir. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi asosida o‘zaro aloqalar yuqori darajada rivojlanmoqda. O‘tgan yil Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyovning Turkmanistonga rasmiy tashriflari, shuningdek Turkmaniston Xalq Maslahati raisi – turkman xalqining Milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki amalga oshirildi. Bu voqealarning barchasi ikki birodar davlatlarning bugungi kunda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan umumdunyoviy tendensiyalarni rivojlantirish yo‘lida yonma-yon, yelkama-yelka borayotganini ifodalaydi.
O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchisi Akmal Qo‘chqorov ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan samimiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat-ehtiromga asoslangan muloqot natijasida bugungi kunda mamlakatlarimiz aloqalari yangi bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
- Mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalar kundan kunga rivojlanib bormoqda. Buni ikki davlat yetakchilari tomonidan olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat natijasi deb bilamiz, - dedi O‘zbekiston elchisi. - Birgina o‘tgan yilning o‘zida oliy darajadagi qator o‘zaro tashriflar amalga oshirildi. Dashoguz shahrida o‘zbek-turkman do‘stligi festivali muvaqqiyatli o‘tkazildi. Shu o‘rinda, o‘zbek va turkman xalqlarini chambarchas bog‘lab turgan umumiy tarix, madaniyat, urf-odatlar va qadriyatlar davlatlarimiz o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etish joiz.
Tantanali tadbirning Ashxobod shahridagi «Toshkent» sayilgohida o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘ldi. U O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida ahil qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlarining yuksak darajasini hamda xalqlarimizning o‘zaro yaqinligi va hamjihatligining timsolidir. Toshkent shahridagi “Ashxobod” sayilgohi ham O‘zbekiston poytaxti aholisi va mehmonlari uchun eng sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylangani, ikki davlat poytaxtlarida istirohat bog‘larining tashkil etilishi xalqaro munosabatlar amaliyotida chinakam noyob voqea ekanligi ta’kidlandi.
Bayram anjumani ishtirokchilari uchun o‘zbek va turkman tillarida konsert dasturi namoyish qilindi. Buyuk shoir, alloma va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy va turkman mutafakkiri Maxtumquli ijodiga bag‘ishlangan mushoira tashkil etildi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ashxoboddagi markazi rahbari Jon MakGregor o‘zbek va turkman do‘stligini tarannum etadigan ushbu bayram tadbirida ishtirok etayotganidan mamnunligini ta’kidladi.
- Men YEXHTning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ajoyib mamlakatingizda besh yil ishladim va so‘nggi ikki yil davomida Ashxobodda faoliyat olib borayapman, - dedi u. - Ushbu davlatlardagi faoliyatim davomida o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasida juda ko‘p o‘xshashliklarni ko‘rdim. Xususan, ikki do‘st millatni umumiy tarix va madaniyat chambarchas bog‘lab turadi. Mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan bayram tadbiri juda ham a’lo darajada o‘tmoqda. Unda ijro etilayotgan betakror ashula va raqslar barchaga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tantanali tadbir doirasida bayram dasturxoni yozilib, o‘zbek milliy taomlari ulashildi.