01/Iyun/2022 Hamkorlik
TOSHKENT, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistondagi qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi uchun qo‘shimcha ravishda 2,4 million dollar ajratadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, bu haqda USAIDning Osiyo byurosi maʼmuriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur bilan muzokaralar chog‘ida maʼlum qilingan.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar USAID va vazirlik o‘rtasida «Agrobiznesni rivojlantirish» qo‘shma loyihasi doirasida bog‘dorchilik, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
– USAID joriy yil yozida O‘zbekiston qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi uchun qo‘shimcha ravishda 2,4 million dollar ajratishini eʼlon qilishdan juda mamnunman,- dedi Anjali Kaur.- Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish, kasb-hunar berish, mikromoliyalashtirish, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.