Uz / Ўз Ru En

Toshkent

08/Aprel/2022   Sanalar

Amir Temur qurdirgan inshootlar jahon meʼmorchiligida yangi yo‘nalishdir

 TOSHKENT,  8-aprel. /“Dunyo” AA/.  9-aprel – Amir Temur tavalud topgan kun. Buyuk bobokalonimiz bunyodkorlik sohasida ham katta o‘zgarishlarni amalga oshirib, jahon meʼmorchiligini bemisl darajada boyitgan. U saltanat mafkurasi, g‘oyasi va mahobatini o‘z bunyodkorlik ishlarida namoyon eta olgan.


Amir Temur Samarqand atrofida o‘z davrida dunyoning siyosiy markazlari bo‘lgan Sheroz, Sultoniya, Bag‘dod, Iroq, Damashq, Misr kabi 12 ta shahar nomi bilan qishloqlar barpo etib, saltanat poytaxtining ularga nisbatan tutgan mavqeiga alohida urg‘u bergan. Shuningdek, Sohibqiron Samarqand shahri atrofida o‘nlab bog‘lar yaratgan, bu bog‘larda go‘zal imoratlar, favvoralar va boshqa inshootlar qurdirgan.

Nafaqat Samarqand va Shahrisabz shaharlari, balki Temur saltanatining barcha burchaklarida ham keng bunyodkorlik ishlari olib borildi.

 Muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy Kavkaz atrofida Boylaqon shahri qurilishi haqida shunday yozib qoldirgan: «Hazrat Sohibqironning Boylaqonni taʼmir etmak doʼiyasi muborak xotiridan o‘tdi. Ul shahar muddati madidkim vayron bo‘lub, ne bir imorati va ne bir jonivoru hashorati bor erdi. Ul sarzaminida maxsus yorliq bila xush ravo muhandislar va kordon meʼmorlar shahar tarixig‘a mashg‘ul bo‘ldilarkim, aning handaqi va to‘rt bozori va bisyor evlari va hammomu karvonsaroyi va maydoniyu bog‘i va g‘ayruhuni asos etib andoza qildilar. Va tanob tortib shahzodalaru beklar ani taqsimladilar. Cherik tamomi jaddi birla ishga mashg‘ul bo‘ldilar. Ul imoratlarning barchasi pishiq g‘ishtdan bir oy muddatda tamom etildi...»

Aytishlaricha, bu shaharning farovonligini taʼminlashga xizmat qiluvchi Nahri Barlos kanalining Amir Temur tarafidan qazdirilishi o‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Bu kanalda hatto kemalar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Xalqaro Amir Temur fondi raisi, professor Qo‘ziboy Mamaraimovning tarixiy manbalarga tayanib aytishicha, Amir Temur 1401 yilda Rumga yurishi oldidan Ozarbayjon hududidagi Qorabog‘da qishlab qoladi va Aras (Araks) daryosidan bog‘larni sug‘orish uchun ariq qazdiradi.

Hozir ham Qorabog‘da Amir Temur boshchilik qilgan baʼzi qurilish inshootlari, bog‘lar mavjud. Nizomiddin Shomiyning yozishicha, o‘sha paytda Gilon va Mazandaron (Kaspiy) dengizigacha yetib boradigan daryolar qazdirilgan.

Shomiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, «Sohibqiron Eron, Turon mamlakatlarida mashhur imoratlar qurgan. Eronda bizdan yodgorlik qolgan».

Amir Temurda Biylokent yerida bir shahar bino qilish maqsadi paydo bo‘ladi va qurilish ishlarini boshlaydi hamda cho‘lda shahar barpo etadi. Shuningdek, 1403 yil amirlarni yig‘ib, islom dini, ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan Bog‘dodni obod qilish uchun farmon beradi.

Amir Temur tomonidan qurilgan imoratlarni yuz yillardan keyin ko‘rgan va bundan qattiq hayratga tushgan mojor olimi X. Vamberi uning bu faoliyatiga shunday baho bergan: «Samarqandning shavkatli davridan qolgan meʼmoriy asarlarni hozirgi zaif holi bilan qiyoslansa, bugungi muhtasham binolarning tavsiyalari mubolag‘ali tuyulmaydi. Sulton Xudobanda tarafidan Sultoniyada yuz yil ilgari qurilgan masjidning go‘zalligi Temur tarafidan bunyod etilgan hozirgi Samarqandning xarobalari ustida qad ko‘targan «Masjidi shoh»ning go‘zal mahobati bilan tenglasha olmas.
Meʼmorchilikning shunday uslubida keyinroq qurilgan binolar, masalan, Isfaxondagi Masjidi Kabir, Qum va Mashhaddagi turbalar Temur himmati bilan bunyod etilgan imoratga nisbatan takroriydir».

Mavzuga oid

Ukrainada Navro‘zi olam bayrami nishonla...

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Lvov shahrida Navro‘z umumxalq bayrami n...

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbek mak...

Nyu-York shahrida faoliyat olib borayotgan «Ziyo Art» o‘zbek maktabida o‘zbek mumtoz adabi...

Konstitutsiya kuni munosabati bilan xori...

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Qozog‘istonnin...

So`nggi yangiliklar