02/Noyabr/2022 Hamkorlik
RIM, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rimdagi elchixona ko‘magida “Agrobank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Qahhorov boshchiligidagi delegatsiyaning qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Bolonya, Florensiya, Peruja va Rim shaharlariga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Italiya Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmonchilik siyosati vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlar va laboratoriyalar hamda xususiy korxonalar rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli agrar islohotlar, shuningdek, “Agrobank” ATB tomonidan moliyalashtirilayotgan muhim qishloq xo‘jaligi loyihalari bo‘yicha maʼlumot berdi.
Xususan, bank tomonidan amalga oshirilayotgan o‘simliklarni himoya qilish kompleks markazi - “Agrolab” loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha Italiya tomoniga amaliy hamkorlik taklif qilindi.
Italiya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashida (CREA) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur tashkilot rahbari Stefano Vakkari O‘zbekistonda olib borilayotgan izchil agrar islohotlardan yaxshi xabardorligini bildirib, uni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Bugungi kunda CREA tarkibida qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini qamrab olgan 12 ta ilmiy-tadqiqot markazi mavjud bo‘lib, 2000 dan ziyod malakali olim va ekspertlar faoliyat yuritadi. Tashkilot mamlakat bo‘ylab ilmiy tadqiqot va sinov ishlarini olib borishi uchun 5 ming 300 gektardan ziyod yer maydoniga ega. Shuningdek, CREA sohaga oid qarorlar qabul qilinishida mamlakat hukumatiga texnik va ilmiy jihatdan ko‘mak ko‘rsatuvchi organ hisoblanadi.
Agrobank rahbariyati SREA bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi loyihalarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p tarmoqli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, shu maqsadda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldi.
Italiya olimlari delegatsiya ekspertlarini tuproq tahlillari, nematologiya va entomologiya laboratoriya faoliyatlari bilan yaqindan tanishtirdi. Tuproqshunoslikda fizik, kimyoviy va biologik tahlil olib borilayotgan laboratoriyalar faoliyati ham o‘rganildi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tuproqshunoslik va entomologiya yo‘nalishida, shuningdek, O‘zbekistonda o‘simliklarni himoya qilish kompleks markazi – “Agrolab” loyihasi doirasida “ISQRF”, “Sicural” va “Astra” laboratoriyalarida mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish va xorijiy ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha o‘zaro to‘xtamga kelindi.