27/May/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 27-may. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Tomas Vest bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida Amerika tomoni O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, afg‘on xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha yuritilayotgan siyosatni yuqori baholadi.
Tomonlar afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va tizimlashtirish zarurligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yetkazib berishda Termiz shahrida yaratilgan ko‘p funksiyali transport-logistika xabi imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Afg‘onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning taʼlim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari bo‘yicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning o‘xshashligi qayd etildi.
Afg‘oniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tug‘dirmasligi kerakligi alohida taʼkidlandi.
Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mamlakatda energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga kompleks yondashuvni ishlab chiqish muhimligi eʼtirof etildi.
Zafar Yuldashkulov olgan surat (“Dunyo” AA)