Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Iyul/2021   Tahlil

Afg‘oniston mojarosi va Yangi O‘zbekiston: eski muammoga yangicha yondashuv

15-16 iyul kunlari poytaxtimiz «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusida o‘tkaziladigan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qiladi. Nomlanishining o‘ziyoq anjumanda ko‘rib chiqiladigan muammolar haqida yetarlicha tasavvur beradi.



Ammo O‘zbekiston Prezidentining ana shu nufuzli tadbirni o‘tkazish tashabbusidan kelib chiqadigan asl maqsadi va mohiyatini, ya’ni anjuman muvaffaqiyati va bo‘lib o‘tadigan muzokaralardan kutilayotgan natijalar ahamiyati nafaqat mintaqa, balki keng dunyo hamjamiyati manfaatlari uchun naqadar dolzarb va olamshumul bo‘lishi mumkinligini hali ko‘pchilik aniq-tiniq tushunib yetganicha yo‘q.

Zahmatkash afg‘on yurtida mus­tabid sho‘rolar tuzumining mus­tamlakachilik siyosati oqibatida yo‘qolgan tinchlik, mana 40 yildan oshdiki, hamon tiklanmadi. Jo‘g‘rofiy jihatdan Afg‘oniston hududining shimoliy qismi Markaziy Osiyoda, qolgan qismi esa Osiyoning janubida joylashgan, ya’ni ikki submintaqa o‘rtasidagi davlatdir. Ammo, afsus­ki, hozirgi kungacha Afg‘oniston va afg‘on mojarosi ana shu ikki submintaqani o‘zaro bog‘lab turuvchi ko‘prik bo‘lib emas, aksincha, ularni bir-biridan ajratib turuvchi g‘ov, katta bir to‘siq sifatida «xizmat» qilib kelmoqda.

Shu asnoda Shavkat Mirziyoyev o‘z tashabbusida afg‘on masalasiga mutlaqo boshqacha nuqtai nazardan qarashni taklif qilmoqda, ya’ni Afg‘onis­tonning ana shu jug‘rofiy holatini uning geosiyo­siy va geoiqtisodiy ustunligiga aylantirish lozim. Bu esa, o‘z navbatida, afg‘on mojarosini imkon boricha tezroq hal qilish vazifasini qo‘yadi.

Agar ushbu maqsadga erishilsa, afg‘on diyori hammaga xavf-xatar tug‘diradigan hudud degan ­mudhish maqomdan qutulib, Markaziy va Janubiy Osiyo submintaqalarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan, ular o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydigan muhim ko‘prikka aylanadi.

Shavkat Mirziyoyev taklif qilayotgan reja amalga oshgan taqdirda, Yer yuzining qariyb 2 milliard aholisi yashaydigan hududda barqaror tinchlikka erishish, kambag‘allikdan qutulish va iqtisodiy-ijtimoiy o‘sish masalalarida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar eshigi ochilib, mutlaqo o‘zgacha geosiyosiy vaziyat va ijobiy istiqbollar yuzaga kelishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi zamirida aynan shu asl mohiyat yotadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, ushbu nufuzli anjuman arafasida uning kun tartibi doirasida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan afg‘on mojarosi va uning ayrim qirralari haqida sal kengroq to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
 

Nega qo‘shnilarimiz muammosini hal qilishga bel bog‘ladik?
 

O‘zbekiston davlati va o‘zbek xalqining Markaziy Osiyoda tutgan o‘ziga xos tarixiy-siyosiy va strategik o‘rnini hech kim inkor eta olmaydi. Ya’ni mamlakatimiz nafaqat geosiyosiy va geoiqtisodiy nuqtai nazardan, balki mafkuraviy, madaniy-ma’rifiy hamda diniy jihatlardan ham mintaqa va uning aholisini doimo birlashtirib kelgani hammaga ma’lum.

O‘tgan asrning 80-yillarida BMT qarori bilan Toshkent shahriga «Tinchlik elchisi» degan faxriy unvon berilgani ham bejiz emas.

O‘z navbatida, uzoq asrlar davomida o‘zbeklar butun mintaqa bo‘ylab, shu jumladan, Afg‘oniston hududida keng tarqalganini ko‘rish mumkin. Hozirgi kunda ham Markaziy Osiyo siyosiy xaritasidan joy olgan barcha davlatlarda millionlab o‘zbeklar istiqomat qilishadi.

Eng e’tiborli joyi shuki, qo‘shni davlatlarda yashovchi o‘zbeklar «mahalliy xalq» maqomiga ega. Ya’ni ularga nisbatan «diaspora» (qo‘polroq tarjimada – «kelgindi xalq») tushunchasi qo‘llanilmaydi.

Afg‘oniston ham bundan mustasno emas. Bu o‘lka millatdoshlarimiz azaldan istiqomat qilib kelayotgan makondir. Va aynan shu bois ham bu davlat biz uchun begona yurt hisoblanmaydi desak, xato bo‘lmaydi, nazarimda. Bugun ushbu davlatning O‘zbekistonga qo‘shni shimoliy viloyatlarida 20 dan ortiq o‘zbek etnik urug‘lariga mansub bo‘lgan taxminan 5-6 million millatdoshimiz yashaydi, deb taxmin qilinadi (yaqin o‘tmishda rasmiy xatlov o‘tkazilmagan). Boz ustiga, tarixda o‘zbeklar ushbu hududda qurgan saltanatlar nafaqat musulmon olami, balki dunyoda keng shuhrat topgani ham sir emas.

Binobarin, Afg‘oniston tarixi u yerda azaldan yashab kelayotgan o‘zbeklar tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, XIV asrdayoq afg‘on yurti buyuk sarkarda bobomiz Amir Temur asos solgan saltanat tarkibiga kirgan. Yoki sohibqironning afg‘on diyorida hukmronlik qilgan qaynog‘asi Amir Husayn, Qobul podshohligi taxtida o‘tirgan Zahiriddin Muhammad Bobur, Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro, o‘zbek adabiyoti asoschisi Mir Alisher Navoiy yoki Xurosonni eronliklardan ozod qilish yo‘lida shahid bo‘lgan yana bir sarkarda bobomiz Muhammad Shayboniyxon kabi tarixiy shaxslarni esga olaylik. Shuning o‘ziyoq o‘zbek va afg‘on diyori o‘rtasidagi ko‘hna rishtalar naqadar uzviy ekanini anglatadi.

Shunday ekan, O‘zbekiston Afg‘onistonda yuz berayotgan jarayonlarga hech qachon befarq bo‘lib qololmaydi.

Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda ushbu jafokash mamlakat hayotida kuzatilayotgan voqealar, harbiy harakatlar, chegaralardagi vaziyat nafaqat mintaqadagi boshqa davlatlarni hushyorlikka chaqir­yapti, balki «afg‘onistonliklarning ­keyingi taqdiri nima bo‘ladi?», degan og‘riqli savolga aniq javob topishni qat’iy talab etmoqda. Bu esa ko‘p tomondan «Tolibon» harakatining kelgusi harakatlari bilan bevosita bog‘liqdir. Bunday qarashni ilgari surayotganimiz bejiz emas.
 

«Tolibon»: hokimiyat uchun ikkinchi urinish Yoxud ushbu siyosiy kuchga ishonsa bo‘ladimi?


Zero, OAVda tarqatilgan ma’lumotga ko‘ra, toliblar oxirgi ikki oy ichida 407 ta tumandan 167 tasini egallagan. Boz ustiga, keyingi oyda Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarda hukumat qo‘shinlari va «Tolibon» harakati o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Xususan, 21 iyun kuni jangarilar Afg‘onis­tonning Tojikiston va O‘zbekiston chegaralariga chiqib kelishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu kuni ular chegara yaqinidagi Sherxon-Bandar shahrini egallashdi. Ya’ni, endi Tojikiston orqali Shimoliy alyans kuchlariga xalqaro yordam keladigan muhim yo‘lni to‘liq o‘z nazoratiga olishdi. Ayni paytda «Termiz – Hayraton» yo‘lini ham nazoratga olishga urinishmoqda. 8 iyuldagi xabarga ko‘ra esa, «Tolibon» jangchilari Hirot viloyatidagi Eron va Turkmaniston bilan chegaradagi asosiy nazorat punktlarini o‘z nazoratiga olishgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, toliblar birinchi navbatda ularga oppozitsiya hisoblangan boshqa afg‘on kuchlariga chetdan yordam kelishi mumkin bo‘lgan chegaralarni egallashmoqda.

Mazkur to‘qnashuvlar oqibatida Afg‘oniston hukumati harbiy xizmatchilari chegaradan o‘tib, ­Tojikiston va O‘zbekiston hududlariga chekinishga majbur bo‘lishmoqda.

Ayni paytda Afg‘onis­tonda yuzaga kelgan vaziyat tahlili ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida bir qancha savollarni tug‘diryapti. Masalan, nima uchun jangovar ruhi singan hukumat qo‘shinlari ayrim hollarda deyarli qarshilik ko‘rsatmasdan, qo‘riqlayotgan hududlarini barcha qurol-yarog‘lar bilan toliblarga birma-bir topshirishmoqda va hattoki, o‘zlari ham ular tomoniga o‘tib ketishyapti?

To‘g‘ri, afg‘on hukumati hozircha Qobul, Qandahor, Mozori-Sharif kabi yirik aholi punktlarini o‘z qo‘lida ushlab turibdi, ammo ular toliblar tomonidan o‘rab olingan.

Bu hol ekspertlar o‘rtasida «toliblar xorijiy kuchlar mamlakatdan chiqib ketishi bilan darhol hujumga o‘tish va mamlakat poytaxtini egallab olishga tayyorlanishmoqda», degan farazni uyg‘otmoqda.

Shu o‘rinda, toliblar ular tomoniga o‘z ixtiyori bilan o‘tgan hukumat harbiylariga maosh ham to‘lay boshlabdi, degan xabarlar ham tarqaldi. Qiziq, yillar davomida qaysi ko‘rinmas qo‘l toliblarga ushbu harbiy harakatlar uchun mablag‘ berayotgan ekan? Boisi, urush olib borish – avvalambor, juda katta iqtisodiy va moliyaviy xarajat deganidir.

Bu ham ekspertlarni o‘ziga jalb qiladigan masalalardan biri hisoblanadi. Ma’lumki, «Tolibon» hukumatini avvalboshdan tan olgan uchta mamlakat bor: Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Pokiston. Garchi «Tolibon»ni rasmiy tan olmasa-da, AQSh hukumati ham o‘tgan asrning 80- va qisman 90-yillarida qo‘llab-quvvatlagan kuchlarning birinchi safida edi. Shuningdek, aytishlaricha, agar toliblar Bomiyan shahridagi IV va V asrlardan qolgan Budda haykallarini portlatmaganda, Xitoy ham ularni tan olishi mumkin edi, degan taxminlar bor.

Kishini o‘ylantiradigan yana bir fakt haqida to‘xtalsak. Nima uchun asosan Afg‘oniston janubidagi pushtunlardan tarkib topgan «Tolibon» harakati jangarilari o‘z yurishini aynan shimol tarafga qarab yurishdan boshlashdi? Xo‘sh, nega endi toliblar birinchi navbatda o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, hazoriylar va boshqalar yashaydigan hududlarga dadil kirib borib, ularga tajovuz qilishmoqda? Nima maqsadda toliblar darhol ular uchun strategik raqib hisoblanadigan Shimoliy alyansning asosiy tayanchi – Mozori-Sharif shahrini qurshab olish harakatida?

Ma’lumki, toliblar 1996-2001 yillarda Shimoliy alyans bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda qaqshatqich zarbaga uchragan edi. Ular, tabiiyki, ushbu mag‘lubiyatdan tegishli saboq chiqarishgan. Endi esa o‘sha paytda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasdan, imkon boricha tezroq asosiy raqibining payini qirqishga tushishgan, deyish mumkin.

Shu o‘rinda yana bir omilga to‘xtalib o‘tsak. Bugungi kunda «Tolibon» haqida gap ketganda, ayrim ekspertlar nafaqat diniy, balki etnik jihatlarga ham yetarlicha urg‘u berishmayotganga o‘xshayapti. Chunki Afg‘onistonda qanday kuch hokimiyatga kelishidan qat’i nazar, bu toliblarmi yoki boshqa birimi, ushbu omillar bilan hisob­lashishga, ya’ni shimolda yashaydigan tojik, o‘zbek, turkman va hazoriylar bilan o‘zaro murosaga kelishga majbur bo‘ladi.

Tarixdan ma’lumki, o‘tgan asrning 30-yillarigacha «afg‘on» etnonimi bilan faqat pushtunlar atalgan, ya’ni bu nom ulargagina tegishli bo‘lgan. Ushbu millat vakillarining katta qismi Pokis­tonda (30 milliondan ziyod) va qisman Afg‘onistonda (13 million atrofida) istiqomat qiladi.

«Tolibon»ga esa Pokis­ton shimolida va Afg‘onis­ton janubidagi pushtunlar asos solishgan. To‘g‘ri, bugungi kunda toliblar safida ularga xayrixoh bo‘lgan boshqa millat vakillari ham topilishi mumkindir. Biroq fakt shuki, «Tolibon» harakati asosan pushtunlardan tarkib topgan.

Bundan tashqari, toliblarning o‘z diniy aqidasi – «ash’ariylik» mavjud. Ushbu ta’limot IX-X asrda yashab o‘tgan musulmon faylasufi Abul Hasan Ali al-Ash’ariy nomidan olingan. Mazkur diniy ta’limotga ko‘ra, kim bu aqidaga qarshi borsa, u dindan adashgan hisoblanadi hamda u har qanday ta’qibga va shafqatsiz ­tazyiqqa loyiqdir.

Ana shu aqida bilan ma’naviy va mafkuraviy «qurollangan» «Tolibon» harakati 1996 yil ­sentyabrida Qobulni ishg‘ol qilib, Afg‘oniston Islom Amirligini e’lon qildi hamda ichki siyosatni o‘z diniy aqidasi asosida yurgazishni boshladi. Jumladan, toliblar Afg‘onistonda televideniye, musiqa va badiiy san’at, kompyuter va internet, shaxmat o‘yini, oq tusdagi oyoq kiyimni (oq – toliblar bayrog‘ining rangi), ayollarning bilim olishi va ishlashini qat’iy taqiqlashdi. Sud tizimida ham ana shu diniy aqida yo‘rig‘ida ish olib borilar, odamlar omma ko‘zi oldida jazolanar va qatl qilinardi.

Ammo bu kabi ichki siyosat afg‘on xalqi orasida toliblar obro‘siga katta putur yetkazdi, boshqa afg‘on siyosiy guruhlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan qattiq qoralandi.

Ma’lumki, o‘shanda toliblarga aynan Shimoliy alyans, ya’ni Afg‘onistonning pushtun bo‘lmagan xalqlari (o‘zbeklar, tojiklar, hazoriylar va boshqalar) qarshi turishgan. O‘shanda alyansning asosiy yetakchilaridan biri tojiklarning «Afg‘oniston islom jamiyati» partiyasi rahbari Ahmadshoh Mas’ud bo‘lsa, yana biri afg‘on o‘zbeklari lideri Abdulrashid Do‘stum edi.

2001 yilda Shimoliy alyans xalqaro kuchlar yordamiga tayangan holda toliblar qurgan tuzumni ag‘dardi hamda ularni Qobuldan va mamlakatning ular egallagan qismidan siqib chiqardi.

Mamlakatdan quvilgan toliblar 2001 yildan boshlab Pokistonning pushtunlar yashaydigan Shimoliy Vaziriston viloyatini o‘zlarining tayanch bazasiga aylantirishdi. Hatto viloyatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishdi, 2006 yil fevralida esa o‘sha yerda mustaqil Vaziriston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qilishdi. Pokis­ton armiyasining vaziyatni o‘z nazoratiga olish uchun urinish­lari natija bermadi va boz ustiga, tolib­lar Amirligi hududi Janubiy Vaziriston viloyati hisobiga anchagina kengaytirildi.

Hozirgi kunda «Tolibon» yana Afg‘oniston hududining anchagina qismini o‘z nazoratiga olgani – fakt. Biroq Abdulrashid Do‘stum atrofida Shimoliy alyansni qayta tiklashga yordam bera oladigan Ahmadshoh Mas’ud kabi jiddiy mavqega ega bo‘lgan liderlar yo‘qligi (u 20 yil ilgari halok bo‘lgan) ko‘zga tashlanmoqda.

Muxtasar aytganda, tojik, o‘zbek va turkmanlar yashaydigan shimoliy viloyatlarda vaziyat og‘ir. Shuningdek, oldingi davrlardan farqli o‘laroq, xorijiy davlatlar ham negadir Shimoliy alyansni qo‘llab-quvvatlashga unchalik shoshilishmayapti.

Boz ustiga, yaqinda toliblar Ahmadshohning Panj­sherdagi sobiq qarorgohini egallab, o‘sha yerda o‘z kengashini namoyishkorona o‘tkazishgani haqida OAV orqali fotoreportaj tarqatishdi. Bunga toliblar tomonidan afg‘on tojiklarining jangovar ruhini sindirish uchun amalga oshirilgan piar-aksiya deb qarash kerak, degan fikr ham sharhlovchilar o‘rtasida mavjud.

Yana bir e’tiborni o‘ziga tortadigan jihat bor: tahlilchilar Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatning juda tez va kutilmagan tarzda rivojlanayotganidan xavotirda. Bu esa manfaatdor tashqi va ichki siyosiy kuchlar o‘rtasida boshqacha, ya’ni yashirin holdagi ko‘p taraflama yoki separat kelishuvlar ham bormikan, degan shubhalarni keltirib chiqarmoqda.

Xususan, ayrim xorijiy ekspertlar «Tolibon»ga nisbatan ishonchsizlik bildirishayotgani sir emas. Ularning fikriga ko‘ra, toliblar oxirigacha, ya’ni mamlakatni to‘liq o‘z qo‘liga olmagunicha, jangni davom ettirishga shay turganga o‘xshaydi.

Bugun ayrimlar «Tolibon» harakatining rahbarlari shunchaki konservativ mullalar-ku, ularning qo‘lidan nima ham kelardi, deb o‘ylashlari ham mumkin. Ammo mavjud faktlar bosh­qa manzarani ko‘rsatmoqda.

Avvalambor, tan olish lozimki, o‘tgan davrlar ichida «Tolibon» aynan siyosiy kuch sifatida ancha ulg‘aydi va katta tajriba to‘pladi. Shuningdek, rasmiy Qobul hukumati va uning orqasida turgan tashqi kuchlar bilan siyosiy va harbiy tortishuvlarda jiddiy toblandi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikka uchragan o‘tgan galdagi davlat qurish ­tajribasi va 2001 yildagi harbiy mag‘lubiyat «Tolibon» rahbarlariga, ayniqsa, ularning siyosiy mafkurasi va amaliy yondashuviga qattiq ta’sir o‘tkazgan ko‘rinadi.

Masalan, bugungi kunda «Tolibon»ning kuchli polittexnologlar va tahlilchilar xizmatidan foydalayotgani yaqqol sezilyapti. Agar toliblar atrofida mujohidlarga xos salla-soqoldagi ajnabiy maslahatchilar yoki IT-mutaxassislari yurishgan bo‘lsa, bunga ajablanmaslik kerak. Shuningdek, toliblar o‘z imiji ustida ishlayotgani ham ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa oddiy afg‘onlar o‘rtasida ularga nisbatan nafratning ancha pasayishiga olib keldi, nazarimda. Buni ayrim hududlarning ularga xayrixohlik bildirib, ular tarafiga hech bir jangsiz o‘tib ketayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Xullas, hozirgi kunda ko‘pchilik mutaassib­lar, deb qarayotgan ushbu «mulla»lar zamonaviy dunyo ta’limotlarini yetarlicha o‘zlashtirib olib, Afg‘onistonda murakkab strategik va taktik harakatlarni amalga oshiradigan kuch darajasiga chiqib olayotganini hech kim inkor etmasa kerak. Buni toliblarning puxta reja asosida olib borayotgan xalqaro muzokaralar kun tartibidan, AQSh oldiga qo‘yayotgan shartlar mazmunidan yoki amalga oshirayotgan harbiy harakatlarning tezkorligi va samaradorligidan ham payqash mumkin.

Lekin eng muhim farq, ularning favqulodda liberallashayotganida ko‘rinadi. Ya’ni ular bugun Afg‘onistonda tinchlik muzokaralariga roziligi va boshqa kuchlarning ham fikr-mulohazalarini tinglashga tayyor ekanini bildirishmoqda.

Toshkent, Doxa, Moskva, Anqara va boshqa joylarda bo‘lib o‘tgan ko‘p va ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida toliblar Afg‘onistonda o‘zaro janglarni to‘xtatish, tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lida o‘z zimmalariga tegishli mas’uliyatni olishga tayyor ekanliklarini bildirishayotgani ham shundan dalolat beradi.

Bundan tashqari, «Tolibon» liderlari diniy radikallikni ancha yumshatishga tayyor turishganiga ishora qilishmoqda. Jumladan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov AQShning «This Is America TV» televizion loyihasiga bergan intervyusida «Tolibon»ning rasmiy internet-saytidan iqtibos keltirdi. Unda joylashtirilgan maqolada: «Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini ta’minlashni istaymiz. Ayollar ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlay olishlari kerak. Biz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishni xohlaymiz…», deb ta’kidlangan.

Yuqoridagilarni e’tiborga olib, O‘zbekiston toliblar bilan aloqalarni davom ettirish tarafdori bo‘lib qolmoqda. Chunki muloqot yo‘li bilan toliblar yondashuviga ko‘proq ijobiy ta’sir o‘tkazish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston qo‘shni afg‘on yurtida 90-yillardagi johil tizim qayt­masligiga qattiq umid bildiradi. Jumladan, Abdulaziz Komilov o‘sha intervyusida Afg‘onis­tonda siyosiy tizim qanday bo‘ladi, degan savolga ushbu davlatda keyingi 9 yilda erishilgan demok­ratik, ya’ni fuqarolik jamiyati, hokimiyat va saylov tizimi, ayollar huquqlari kabi yutuqlarni inkor qilib bo‘lmasligiga urg‘u berdi. Shuning­dek, «…albatta, biz 90-yillarda yuzaga kelgan Afg‘oniston Islom Amirligini qabul qila olmaymiz. …Biz bu muammo amaldagi hukumat va qurolli muxolifat – «Tolibon» va boshqalar o‘rtasidagi o‘zaro murosa orqali hal qilinishi kerak, deb hisoblaymiz», deb ko‘rsatib o‘tdi.
 

Yaqin kelajakda nimalardan umid qilsa bo‘ladi?


Nafsilamrini aytganda, yuzaga kelgan vaziyat hozircha javoblarga nisbatan savollarni ko‘proq keltirib chiqarmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu hol esa qo‘shni davlatdagi har bir o‘zgarishni muntazam ravishda va diqqat bilan, ya’ni hech bir mayda detallarini ko‘zdan qochirmasdan kuzatib borishni hamda tizimli tarzda tahlil qilishni taqozo etadi.

Ma’lumki, 2020 yil fevralida Qatarning Doxa shahrida AQSh va «Tolibon» harakati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, Tinchlik shartnomasiga imzo qo‘yildi. Amerikaliklar toliblarga bundan keyin «Al-Qoida» va shu kabi boshqa ekstremistik guruhlar bilan hamkorlik qilishni to‘xtatish, jangni bas qilib, afg‘on hukumati bilan tinch muzokaralarni boshlash shartini ­qo‘yishdi. Bundan tashqari, toliblardan Qobuldagi rasmiy hukumat va boshqa afg‘on siyosiy kuchlari bilan tinchlik muzokaralariga kirishib, ular bilan birgalikda mamlakatda o‘zaro yarashish jarayonini boshlash va koalitsion hukumat tuzish masalalarini ko‘rib chiqish ham kutiladi.

O‘z navbatida, toliblar AQSh oldiga «Tolibon» harakatini xalqaro darajada tan olish (bu ushbu kuchning xalqaro maydondagi siyosiy-huquqiy legitimligini ta’minlab beradi), 2021 yil 1 may kunigacha AQSh harbiylarini mamlakatdan olib chiqish (ammo bu ortga surildi – yangi muddat 2021 yilning sentyabriga qadar) hamda «Tolibon»ning rasmiy hukumat qamoqxonalarida ushlab turilgan bir necha ming a’zolarini qo‘yib yuborish kabi asosiy shartlarni qo‘yishdi.

Ammo xorijiy sharhlovchilar fikriga ko‘ra, hozircha toliblar o‘zlari tomonidan berilgan hech bir va’dani bajarishga shoshilishmayapti. Gap shundaki, tashqaridan nazar tashlaganda, «Tolibon» yaxlit bir siyosiy kuchdek tasavvur tug‘dirishi mumkin. Aslida esa, ekspertlar fikricha, «Tolibon»ga birikkan guruhlar o‘rtasida unchalik ham yaxlitlik yo‘q, ya’ni harakat ichida o‘ziga xos nozik jihatlar va tortishuvlar bor. Va ayni shu nozik holat o‘z aksini ayrim muhim masalalar yechimida topmoqda.

Ya’ni mutaxassislar nazdida, «Tolibon» harakatiga birikkan pushtun radikal guruhlarini hozirgi kunda faqat bir asosiy maqsad jips­lashtirib turibdi – bu ham bo‘lsa Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni tezroq chiqarib yuborib, mamlakatda o‘z hukmronligini ta’minlash vazifasi. Shundan kelib chiqib, ekspertlar «Tolibon» tarkibidagi har xil qanot va guruhlar o‘rtasidagi asosiy kurash va o‘zaro tortishuvlar aynan xorijiy qo‘shinlar ketgandan so‘ng, ya’ni toliblar mamlakatdagi hokimiyatni to‘liq o‘z qo‘liga olgandan keyingi davrda boshlanadi, deb taxmin qilishmoqda.

Haqiqatan, har bir «Tolibon» guruhining o‘ziga xosligi bor. Masalan, ekspertlar fikriga ko‘ra, asl kelib chiqishi Pokistonning Belujis­ton viloyati poytaxti Kvetta shahri bo‘lgan va «Kvetta sho‘rosi» nomi bilan tanilgan harbiy qanot vakillari «Tolibon» harakatining eng radikal qismini tashkil qiladi. Shuningdek, tolib­larning «Haqqoniylar tarmog‘i» va «Peshovar sho‘rosi» kabi guruhlarini ham «Tolibon»ning radikal qanotiga qo‘shishadi. Shuningdek, «Haqqoniylar tarmog‘i»ga Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati (bu yerda taniqli Haqqoniy madrasasi joylashgan) do‘rroni urug‘idan kelib chiqqan pushtunlar asos solishgan bo‘lsa, «Peshovar sho‘rosi»ni esa Pokistonning Peshovar shahridagi gilzay urug‘i pushtunlari tuzishgan.

E’tiborlisi, «Tolibon» tarkibidagi aynan ana shu guruhlar «Al-Qoida» bilan yaqin ittifoqdosh bo‘lish tarafdori hisoblanadi. Yaqinda tarqatilgan BMT dokladiga ko‘ra, ular hamon ana shu terrorchi tashkilot bilan aloqalarni uzishmagan. Bundan tashqari, siyosiy tahlilchilar ­fikriga qaraganda, «Haqqoniy tarmog‘i» liderlari Markaziy Osiyo, Shinjon yoki Shimoliy Kavkazdan chiqqan va avvaldan alqoidachilarga ittifoqdosh bo‘lib kelgan «O‘zbekiston islom harakati», «Xatib Imom al-Buxoriy», «Sharqiy Turkiston islom harakati» va boshqa terroristik tashkilotlar bilan ham aloqalarni saqlab turishgan ekan.

Yuqoridagidan kelib chiqib, endi xalqaro hamjamiyatning asosiy umidi «Tolibon»ning Doxada joylashgan «mo‘’tadil qanoti»ga qaratilgan. Chunki barcha muzokaralarni olib borayotgan aynan shu qanot liderlari «Al-Qoida» bilan aloqalarga qarshi chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, matbuotdagi ma’lumotga ko‘ra, «mo‘’tadil» toliblar Afg‘oniston to‘liq nazoratga olingandan keyin «Quetta sho‘rosi»ni va «Haqqoniy tarmog‘i»ni barcha terroristik tashkilotlar bilan aloqani uzishga majbur qilish haqida va’da berishmoqda.

Shunga o‘xshash fikr Buyuk Britaniya shtabi ­boshlig‘i general Nik Karter tomonidan ham bildirilmoqda. Uning matbuotda tarqatilgan so‘zlariga qaraganda, «Tolibon» rahbariyati o‘zining avvalgi xatolaridan saboq chiqargan. Karterga ko‘ra, agar toliblar qandaydir tarzda hokimiyatning bir qismiga aylansa yoki uni butunlay qo‘lga kiritsa, bu safar ular xalqaro hamjamiyatdan chetda qolishni istashmaydi. Bu fikr, ayniqsa, «Tolibon»ning «Al-Qoida» bilan aloqalariga ham tegishli, aksincha esa, toliblar qanday bosim tagida qolishi mumkinligini tushunishadi.

Ushbu masalada tahlilchilar e’tiborini Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning matbuotda chiqishi ham o‘ziga tortdi. Chunki Lavrov o‘zining 1 iyul kuni bergan intervyusida yuzaga kelayotgan yana bir tahdidga urg‘u berib o‘tdi. Jumladan, Lavrov toliblar bilan tinchlik muzokaralarini tezroq boshlamasdan vaqtni cho‘zayotgan afg‘on hukumatining ayrim rasmiylarini qattiq tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, IShID jangarilari yuzaga kelgan ana shu «pauza»dan foydalanib, Afg‘onistonning shimoliy hududlariga kelib joylashishga urinishmoqda ekan.

Lekin yaqin kelajakdagi istiqbol shuni ko‘rsatmoqdaki, ertami-kechmi, xorijiy kuchlar bu yurtdan chiqib ketishi muqarrar. Balki aynan shu fakt ichki siyosiy guruhlarni afg‘on mojarosini, nihoyat, o‘zaro, ya’ni xorijiy o‘rtakashlarsiz va qozilarsiz hal qilishga urinib ko‘rish uchun bir turtki bo‘lar.

Qolaversa, 25 iyun kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Bayden va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hamda Milliy yarashish bo‘yicha Oliy kengash raisi Abdulla Abdulla o‘rtasida olib borilgan muzokaralarda ham aynan shunday istiqbol va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Albatta, afg‘on muammosi atrofidagi fikrlar bugun turfa xil. Xususan, taniqli isroillik ekspert Yakov Kedmi «yaqin kelajakda Afg‘onis­tondagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishi va saqlab qola olishi mumkin bo‘lgan yagona kuch – bu Tolibon rejimi bo‘ladi», deb ta’kidladi (to‘g‘ri, u Rossiya­ning «Sputnik» radiosiga bergan interv­yusida toliblarni terrorchilar guruhi deb ham atab, ularni yanchib tashlashga chaqirdi).

Haqiqatan ham, hozirgi vaziyatda toliblarga Afg‘onistondagi vaziyatni to‘liq o‘z nazoratiga olib, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishi mumkin bo‘lgan asosiy kuch sifatida qarash mumkindir. Axir, xolisona olib aytganda, kimdir ushbu vazifani va mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga olgani ma’qul emasmi?!

E’tiborlisi, AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi yirik kuch markazlari ham ana shu fikrni go‘yo qabul qilgandek va o‘z rejalarini shundan kelib chiqib qurayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Chunki «Tolibon»ni tan olish va u bilan jiddiy ish olib borish vaqti yetib kelganini boshqa yirik davlatlar ham sezdi.

Shu bilan bir qatorda, manfaatdor tashqi kuchlar toliblarning mamlakatda yakka hukmronga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan taxminlar ham yo‘q emas. Ushbu fikrlarga ko‘ra, ular toliblar oldiga Shimoliy alyans va boshqa afg‘on guruhlari kelajakda tuzilajak koalitsion hukumatga kirishi haqida aniq shart qo‘yib, ular ham mamlakat ichkarisidagi o‘z siyosiy manfaatlarini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishiga yordam beradi.

Xullas, Afg‘onistondagi qurolli toliblar muxolifati, rasmiy hukumat va boshqa siyosiy kuchlarning tinchlik muzokaralariga kirishishi va o‘zaro murosaga kelishi oson kechadigan ish emas. Hozir AQSh va boshqa yirik davlatlarni tashvishga solayotgan asosiy narsa, bu – ana shu tinchlik muzokaralari boshlanishining cho‘zilib borayotgani.

Mutaxassislar taxminiga ko‘ra, balki Ashraf G‘ani va Abdulla Abdullaning Vashingtonga tashrifi va u yerdagi bo‘lib o‘tgan muloqotlar ushbu jarayonni tezlashtira olar?
 

Tashqi doirada qanday yondashuvlar kuzatilmoqda?
 

Ma’lumki, tashqi kuch markazlari Afg‘onis­ton yo‘nalishidagi siyosatda har xil va ayniqsa, ­teskari manfaatlarni ilgari suradi.

Biroq nima bo‘lganda ham, to‘xtamayotgan mojaroga hadeb aralashaverish ushbu kuchlarni ham ancha toliqtirgani kuzatilyapti. Xullas, ular o‘rtasidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha doimiy geosiyo­siy raqobat o‘z yo‘lida davom etaveradi. Biroq afg‘on urushi tufayli tug‘ilayotgan xavf va tahdid­lar hozir ularga ham kerak emas.

Shu bilan bir qatorda, mutaxassislarning fikricha, xalqaro hamjamiyatning tinchlik o‘rnatish to‘g‘risidagi fikrini e’tiborga olmaslik toliblarni yana bir bor halokatga olib kelishi mumkin. Ya’ni agar vaziyat taqozo etsa, xorijiy va ichki kuchlar tezda birikib, harbiy-siyosiy bosim uyushtirishi muqarrarligini ular yaxshi tushunishmoqda.

Jumladan, Doxada erishilgan Tinchlik shartnomasi borligi va qo‘shinlar chiqib ketayotganiga qaramay, AQSh harbiy dronlari kerakli paytda toliblarga bot-bot zarba berib turishi bejiz emas.

Boz ustiga, Rossiya matbuotida yozilishicha, agar harbiy zaruriyat tug‘ilsa, Suriya «tajribasi»dan foydalaniladi, ya’ni Rossiya Federatsiya­si Harbiy-kosmik kuchlari jangarilarga masofadan turib, Afg‘onistonga kirib o‘tirmasdan, aniq va qaqshatqich zarbalar berish ehtimoli borligi ochiqchasiga muhokama qilinmoqda.

Yaqinda Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida ham AQSh hukumati rasmiy Afg‘on hukumatini yolg‘iz tashlab qo‘ymasligini, jumladan, uning xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2021 yilda 3 milliard dollar (2022 yilda – 3,3 milliard dollar) va «fuqaroviy qo‘llab-quvvatlash» sifatida esa 300 million dollar ajratishini ma’lum qildi. Kezi kelganda qayd etish joiz, AQSh hukumati qariyb 20 yil davomida yordam sifatida Afg‘onistonga deyarli 88 milliard dollar harbiy, 36 milliard iqtisodiy va 3,9 milliard dollar gumanitar yordam bergan.

Bundan tashqari, Vashington olib chiqilayotgan qo‘shinlarning bir qismini qo‘shni mamlakatlarda vaqtincha bo‘lsa-da, saqlab turish rejasini ham ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Aytishlaricha, bu Pentagonga afg‘on harbiy teatridagi tez o‘zgarib turgan vaziyatga nisbatan jadal manyovr qila olish imkonini berar ekan.

Shuningdek, barcha xorijiy kuchlar chiqib ketayotgan pallada nega Turkiya, toliblar noroziligiga qaramasdan, o‘z harbiylarini afg‘on hududida (Qobul aeroportini qo‘riqlash bahonasida) qoldirishga astoydil harakat qilmoqda, degan savol ham tahlilchilarni o‘yga solyapti. Ular Turkiya nafaqat AQSh/NATO kuchlari va rasmiy Qobul hukumati bilan bu to‘g‘rida alohida kelishib olgan bo‘lishi mumkin, degan ehtimolni olg‘a surishayotir. Shuningdek, Turkiya toliblar bilan aloqa o‘rnatib, ular bilan muntazam ravishda ish olib borayotgani ham sir emas. Bu nuqtai nazardan, ayrim ekspertlar Turkiya islom dunyosidagi eng nufuzli davlatlardan biri sifatida afg‘on ichki guruhlari o‘rtasida mediatorlik vazifasini bajarish salohiyatiga ega davlat deb qaramoqda. Agar ushbu reja amalga oshsa, bu kelajakda Turkiyaga afg‘on diyorida investitsion loyihalar va boshqa sohalarda keng imkonlar ochib beradi.

Lekin ekspertlar qayd qilganidek, AQSh va NATOning (Turkiya esa aynan ushbu tashkilot a’zosi) «ketib turib, ketmaslik» qabilidagi geosiyosiy urinishlari, turgan gapki, Saudiya Arabis­toni, Pokiston, Rossiya va Xitoy tomonlariga yoqmasligi aniq.

Eron-afg‘on aloqalari haqida gap ketganda, tahlilchilar toliblarning 90-yillardan to 2001 yilgacha Eronga va ushbu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hazoriylarga (ular afg‘on shialarining aksariyatini tashkil qiladi) nisbatan ochiqchasiga dushmanlik siyosatini olib borishganini eslatadi. Lekin keyingi paytlarda Eron va toliblar o‘rtasida o‘zaro aloqalar o‘rnatilgani ham rost. Boz ustiga, aynan shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan rasmiy Qobul va toliblar o‘rtasidagi muzokaralar ham Tehronda tashkil qilingani e’tiborga molik.

Hind rahbariyatining afg‘on mojarosiga yondashuvi haqida so‘z yuritilsa, ekspertlar Dehli o‘z oldiga Afg‘onistonda Pokistonning ta’sirini kamaytirish, iqtisodiy tomondan esa ushbu mamlakatga Xitoy ekspansiyasining oldini olish va Kashmirga xavf soladigan terroristik guruhlarga qarshi kurashish kabi maqsadlarni qo‘yayotganiga e’tibor qaratishadi.

Rossiya siyosati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu davlat Afg‘onistonda tezroq urush to‘xtab, tinch va barqaror rivojlanish boshlanishining tarafdoridir. To‘g‘ri, hozir Rossiya bu yerda o‘z qo‘shinlariga ega emas va ushbu davlatdagi vaziyatga o‘zi istagan tarzda jiddiy ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Lekin hozirgi RF atrofida yuzaga kelgan tashqi va ichki tanglikni hisobga olib, Rossiya rahbariyati yana bir bor afg‘on urushiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish kabi tahlikali urinishdan o‘zini tiyib turishi ehtimoli kuchliroq tuyulmoqda. Shu sababli, o‘z hamkorlari bilan kelishgan holda afg‘on yo‘nalishida Rossiya KXShT va ShHT tashkilotlari shamsiyasidan keng tarzda foydalanishni ham rejalashtirishi kutilmoqda.

Shuningdek, Rossiya va Xitoy rahbariyatlarini AQShning Tojikiston va O‘zbekiston hududida o‘z harbiylarini ma’lum muddatga (ya’ni Afg‘onis­tondagi vaziyat barqaror tusga kirgunicha) joylashtirib turish fikri «vaqtinchalik» maqomidan «doimiy» tarzga aylanib ketish ehtimolidan tashvishga tushayotgani ko‘zga tashlandi. Jumladan, ushbu xavotirdan kelib chiqib, Rossiya matbuotida zudlik bilan O‘zbekiston doktrinasi o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar joylashishiga yo‘l qo‘ymaydi, kabi e’tirozli eslatishlar boshlandi.

Qolaversa, Rossiya Osiyo qit’asida, ayniqsa, Markaziy Osiyo yo‘nalishida, ko‘proq tarixiy tajribaga va imkonlarga ega desak, mubolag‘a bo‘lmas. Chunonchi, amerikalik yoki yevropaliklardan farqli o‘laroq, Rossiyada bu mintaqada joylashgan xalqlar mentalitetini yaxshi tushunishadi, ya’ni osiyoliklar bilan qanday muloqot olib borishni bilishadi.

Ammo keyingi 30 yildan ziyod vaqt ichida Rossiyaning Afg‘onistondagi manfaatlari ancha soyada qolib ketgani ham rost gap. Shu nuqtai nazardan, AQSh/NATO qo‘shinlarining chiqib ketishiga Moskva tomonidan afg‘on yo‘nalishida o‘zi uchun yuzaga kelayotgan qulay bir geosiyosiy imkoniyat sifatida qaralishi mumkin. Masalan, Moskva aynan keyingi bosqichdagi vaziyatga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. Aniqroq aytganda, o‘z rejalarini AQSh/NATO kuchlari chiqib ketgandan ­ keyingi davrga mo‘ljallab tuzib chiqmoqda, degan taxminlar bor.

Ushbu fikrlarga ko‘ra, afg‘on yo‘nalishidagi kelajakdagi amaliy harakatlarda Rossiya o‘zining Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalariga tayanib ish ko‘rishi mumkinligi ko‘zda tutilyapti. Shu o‘rinda, rus matbuotida Qirg‘izis­ton tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboyevdan iqtibos keltirilib, qirg‘iz hukumati Qantdagi Rossiya harbiy bazasining jiddiy tarzda kengaytirilishiga va mustahkamlanishiga qarshi emas, degan xabar ham tarqatildi.

Xitoyning afg‘on siyosati haqida so‘z yuritilganda esa uning yondashuvini «faol kuzatish» taktikasi deb atash mumkin. Xalqaro ekspertlar Pekin Afg‘onis­tonda tezroq tinchlik va barqaror rejim o‘rnatilishi tarafdori ekanini e’tirof etishadi. Lekin ular fikriga ko‘ra, hokimiyatning diniy radikal guruhlar qo‘liga o‘tishi va buning orqasidan kelajakda uyg‘ur va boshqa musulmonlar yashaydigan Shinjondagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi paydo bo‘lishi mumkinligi Xitoy tarafini jiddiy o‘ylantirib qo‘ymoqda. Aynan shu jihatdan XXR va G‘arb davlatlari yondashuvida o‘ziga xos yaqinlik mavjud.

Ammo keyingi payt­larda Xitoy diniy, shu jumladan, islomiy rejimlar bilan muloqot qilish va ular bilan ish olib borishda ancha tajribaga ega bo‘ldi. Masalan, Pekin yaqindagina Eron ruhoniy rahbarlari bilan kelishgan holda ushbu davlat iqtisodiyotiga 25 yil muddat ichida 400 milliard dollarlik sarmoya kiritish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, xitoyliklar allaqachon toliblar bilan ham aloqa o‘rnatgani haqida matbuotda ma’lumot bor.

Ayni paytda Xitoy O‘zbekiston olg‘a surayotgan Transafg‘on temir yo‘li loyihasini moliyalashtirishga ham qiziqish bildiryapti. Boz ustiga, xitoy kompaniyalari allaqachon Afg‘onistonda ish olib bormoqda. Va ular ushbu mamlakat hududida joylashgan qazilma boyliklari haqida yetarlicha ma’lumotga ega va kelajakda ularni o‘zlashtirishda qatnashish rejalari ham yo‘q emas.

Pokiston tomoni ham Afg‘on mojarosi tufayli yuzaga kelayotgan muammolar va xavf-xatarlardan charchagan. Jumladan, Pokistonning shimoliy hududlarida davom etayotgan notinchlik va terroristik harakatlar tufayli rasmiy Islomobod hozirgi kunga kelib «Tolibon»ga nisbatan o‘z yondashuvini o‘zgartirgan. 80-90-yillarda ushbu harakatni har taraflama quvvatlagan Pokiston ham bugungi kunda tezroq tinchlik o‘rnatilishi tarafdoriga aylangan.

Bundan tashqari, Pokiston rahbariyati O‘zbekistonning Afg‘onis­tonga tegishli tinchlik tashabbuslarini yuqori baholaydi va ayniqsa, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini qizg‘in qo‘llab-quvvatlamoqda. Ya’ni ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu loyihaning Pokiston iqtisodiy salohiyatining bir necha barobar o‘sishiga olib kelishi istiqbolini fahmlab, rasmiy Islomobod unga o‘ta jiddiy yondashmoqda.

Shu tufayli, Qobulda kim hukmronlik qilishidan qat’i nazar, Pokiston bu qo‘shni davlatdagi siyosatida ana shu loyihani ilgari surishi aniq bo‘lmoqda. Bu esa Islomobodni O‘zbekiston bilan doimiy do‘stona aloqada bo‘lib, o‘zbek tarafi bilan muntazam siyosiy va iqtisodiy maslahatlar o‘tkazib turishga undaydi.

Xullas, hozirgi kunda ekspertlar dunyodagi deyarli barcha manfaatdor yirik kuch markazlarining Afg‘onistonda tezroq tinchlik va barqarorlik yuzaga kelishidan manfaatdor ekaniga ishora qilishmoqda.

Harqalay, buni sezgan toliblar ham ushbu gal nihoyatda hushyor va ehtiyot bo‘lib ish tutishadi, ya’ni Afg‘onistondagi rasmiy hukumat va boshqa siyosiy guruhlar o‘zaro murosaga intilgan, ularning manfaatini hisobga olgan holda harakat qilishga majbur bo‘ladi, degan taxminlar mavjud. Agar vaziyat haqiqatan ham shunday ko‘rinish oladigan bo‘lsa, bu ayni muddaodir.
 

«Shavkat Mirziyoyev fenomeni» haqida. O‘zbekiston Prezidenti afg‘on mojarosini hal qilishga yordam bera oladimi?
 

Ko‘hna tarixda ayrim buyuk shaxslarning o‘z davridagi jarayonlarga o‘tkazgan katta ta’siri haqida ko‘plab misollar topish mumkin. Ammo yaqin o‘tmishdagi O‘zbek davlatchiligida Shavkat Mirziyoyev xalqimizning moziylar osha o‘tib kelayotgan tinchliksevarlik mafkurasi va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan dunyoqarashlarini o‘z tashqi siyosatida yorqin mujassam qila olgan ilk davlat rahbari bo‘ldi.

Shu jihatdan, keyingi qisqa vaqt ichida mintaqamizda aynan Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari tufayli yangicha geosiyosiy va geoiqtisodiy muhit yaratildi. Pirovardida Markaziy Osiyo nihoyat yaxlit bir mintaqa sifatida shakllana bosh­lagani inkor etib bo‘lmas va e’tirofga molik tarixiy faktdir.

Xullas, Markaziy Osiyoni «hamkorlik va taraqqiyot mintaqasi»ga, qo‘shni davlatlar chegaralarini esa o‘zaro iqtisodiy o‘sish va imkoniyatlar yaratish bazasiga aylantirish kabi tashabbusi tufayli xalqaro maydonda ham O‘zbekistonning hurmat-e’tibori tobora oshib boryapti.

Hozirgi kunda «Yangi O‘zbekiston» degan atama nafaqat Markaziy Osiyo, balki uning atrofidagi keng maydonda ham baralla yangrab, mintaqada o‘zgacha bir geosiyosiy omil – «Shavkat Mirziyoyev fenomeni» yuzaga kelganini anglatmoqda.

Tez sur’atda o‘sayotgan ko‘rsatkichlar ushbu ijobiy jarayonni yorqin aks ettirmoqda. Masalan, matbuotda chop etilgan xabarga ko‘ra, mintaqadagi besh davlatning yalpi ichki mahsuloti 2017 yilda 253 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga kelib, pandemiya bo‘lishiga qaramay, bu ko‘rsatkich 300 milliard dollarga yetdi. Shu o‘rinda ichki mintaqaviy savdo aylanmasi ham 2016-2020 yillarda 56 foizga oshib, 168 milliard dollarni tashkil etdi.

Mintaqaning tashqi imiji ham ijobiy tomonga o‘zgardi. Bu omil, ayniqsa, xalqaro turizm bozorida sezildi. Jumladan, 2017 yilda mintaqaga 9,5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, pandemiya davriga qadar bu ko‘rsatkich ikki barobar oshgan. Bu jarayon xorijiy sarmoyalar oqimining kuchayishida ham sezildi. 2016-2020 yillarda mintaqaga kiritilgan xorijiy sarmoyalar 40 foiz o‘sib, jami 37 milliard dollarni tashkil etdi.

Qolaversa, qo‘shni davlatlar ham ushbu fenomen tufayli Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan yangi trendlarni ijobiy baholab, o‘zlarining ichki siyosatida va mintaqaviy xatti-harakatlarida Shavkat Mirziyoyev siyosatidan o‘ziga xos andoza olishga urinishmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jumladan, chegara masalalarida O‘zbekiston rahbarining bag‘rikenglik va yaqin qo‘shnichilik siyosati mintaqadagi boshqa davlatlarga katta bir o‘rnak bo‘layotgani ayni haqiqat. Mazkur tendensiya, ayniqsa, qirg‘iz-tojik munosabatlarida o‘zining yaqqol ifodasini topyapti.

Ma’lumki, yaqindagina qirg‘iz-tojik chegarasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Ammo bu voqeadan keyin qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 28-29 iyun kunlari Dushanbega rasmiy tashrif bilan keldi. Boz ustiga, har ikki davlat prezidentlari chegara masalalarini faqat tinchlik va do‘stlik mezonlari asosida hal qilishni kelishib olish uchun o‘zlarida siyosiy kuch topa olishdi.

Yana bir misol. Shu yilning 23 iyun kuni afg‘on hukumati harbiylari qo‘shni Tojikis­tonga ilk bor qochib o‘tishganda, prezident ­Emomali Rahmon birinchi navbatda O‘zbekiston va Qozog‘is­ton rahbarlariga telefon qilib, ular bilan vaziyat yuzasidan maslahat qildi. Kim biladi, agar mintaqada hali ham ilgarigi o‘zaro ishonchsizlik muhiti hukm surganda, balkim ushbu telefon avvalambor ­Moskva, Vashington yoki Pekindagi rahbarlarga qilingan bo‘larmidi?!.

Umuman olganda, bu kabi tajriba almashish yoki andoza olish jarayoniga normal holat deb qarash lozim. Chunki mintaqada ochiqlik siyosatini yurgizayotgan O‘zbekiston ham qo‘shni davlatlarning ilg‘or tajribasidan va ijobiy yutuqlaridan o‘rnak olishga tayyorligini namoyon qilib kelyapti.

Shavkat ­Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu masalaga bo‘lgan yondashuvini quyidagi oddiy, lekin aniq so‘zlar bilan ifodaladi: «Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi», demakdir.

Eng muhimi, Toshkentning yangilangan siyosati Afg‘onistondagi barcha siyosiy kuchlar hamda rasmiy hukumat, eng asosiysi, oddiy afg‘on xalqi hamda shu yurtda muqim yashab kelayotgan o‘zbeklar tomonidan munosib kutib olindi. Hattoki, Tolibonning Qatardagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy ham «toliblar tinch­lik, barqarorlik va xavfsizlik manfaatlari yo‘lida tashabbuslarni ilgari surayotgan O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi», deb ta’kidladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning «afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir», degan g‘oyasi 2018 yil 26-27 mart kunlari Toshkentda «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya natijalarida o‘z aksini topdi.

Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli tadbir Afg‘oniston ichki va tashqi doirasidagi jarayonlarga katalizator sifatida ta’sir o‘tkazib, mojaroning yechimini topish uchun zamin yaratdi. Voqeliklar davomi shuni ko‘rsatdiki, aynan ushbu anjumandan so‘ng AQSh hukumati va «Tolibon» muzokaralarga kirishib, 2020 yil 29 fevral kuni Doxada o‘zaro Tinchlik shartnomasini imzolashga erishdi.

O‘zbekiston uchun esa eng muhimi – Afg‘onis­tonda urush to‘xtab, tinch va barqaror muhitning yuzaga kelishidir. Faqat shunday vaziyatgina O‘zbekistonning janubiy yo‘nalishdagi, shu jumladan, ushbu qo‘shni davlatga tegishli ko‘plab geostrategik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratib beradi.
 

Xulosa o‘rnida
 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» nomli xalqaro konferensiya juda muhim va teran tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Zero, «Shavkat Mirziyoyev fenomeni» deb tanilayotgan O‘zbekistonning faol va insonparvarlik diplomatiyasi Afg‘oniston hududini Markaziy va Janubiy Osiyoni o‘zaro bog‘laydigan ko‘p­rik maqomiga ega bo‘lishiga, ya’ni afg‘on diyori orqali ikki submintaqa o‘rtasida o‘ziga xos iqtisodiy-geografik koridor paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilsa, avvalambor, O‘zbekiston va boshqa qo‘shni davlatlar uchun janubga yo‘l ochiladi, ya’ni ular uchun yangi savdo yo‘llari orqali Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston nihoyat «berk davlat» degan maqomdan qutulib, o‘zining tranzit va eksport salohiyatini keng ko‘lamda rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada esa yalpi ichki mahsuloti 3,4 trillion dollar bo‘lgan Janubiy Osiyo mamlakatlari biz uchun yirik iqtisodiy bozor bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Janubiy Osiyo mamlakatlari ham Afg‘oniston va O‘zbekiston hududlari orqali shimol tarafdagi boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya va Xitoy bozorlariga qisqa yo‘l bilan kirib kelishlari mumkin.

Ushbu ijobiy imkoniyat Afg‘onistonni yirik tranzit davlatga aylantirib, mamlakat iqtisodiyotini jadal tarzda rivojlantirish istiqbolini yaratadi. Boz ustiga, ushbu yurtga xorijiy sarmoyalar oqimi kuchayib, uning hududida joylashgan qazilma boyliklar afg‘on xalqi ravnaqiga xizmat qilishni boshlaydi.

Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat ­Mirziyoyev ilgari surayotgan va jahon hamjamiyati keng qo‘llab-quvvatlayotgan «Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining iqtisodiy-ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirishi va ularning ravnaqida misli ko‘rilmagan tarzda ulkan ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, anjumandan kutiladigan natija – «Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy fenomeni» o‘z ta’sir kuchini xalqaro maydonda yana bir bor namoyish etib, Yer yuzining 2 milliarddan ko‘proq odami yashaydigan ana shu qismidagi geosiyosiy va iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni yaqin kelajakda ijobiy tarafga tubdan o‘zgartirish bilan bog‘liqdir.
 

Turdiqul Bo‘tayorov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasi Axborot-tahlil
markazi direktori o‘rinbosari,
mustaqil tadqiqotchi


(“Xalq so‘zi” gazetasi, 2021 yil 15 iyul)

Mavzuga oid

ShHT ekspert forumi hamkorlik istiqbolla...

29 sentyabr kuni videokonferensiya shaklida ShHT forumining XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi...

O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati: Mar...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlis...

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirlig...

Ushbu farmon joriy yil 21-oktabr kuni qabul qilingan edi.

So`nggi yangiliklar