27/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
OLMAOTA, 27-mart. /“Dunyo” AA/. “Strategiya” Ijtimoiy-siyosiy tadqiqotlar markazi» jamoat fondi rahbari, sotsiolog, Gulmira Ileulova “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
— Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning eng muhim qismi ijtimoiy blokdir. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish majburiyatlarini o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. Fuqarolarga taʼlim olish va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqi kafolatlanadi. Aholiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lamining kengaytirilishi o‘rtacha umr ko‘rish sifati va ko‘payishiga, bolalar va onalar o‘limining kamayishiga xizmat qiladi. Bu O‘zbekistonda dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida qabul qilingan meʼyor va standartlarga muvofiq, to‘laqonli “welfarestate” qurish yo‘lidagi jiddiy qadamdir.
Mamlakat iqtisodiy tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan tuzatishlar ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilgan liberal iqtisodiy islohotlarni Polshadagi Leshek Balserovich, Slovakiyada Ivan Miklosh va urushdan keyingi Germaniyada Lyudvig Erxard islohotlari bilan hozirdanoq tenglashtirish mumkin. Xususiy mulkni himoya qilish va daxlsizligini taʼminlash bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartirishlar nafaqat bu islohotlarni qonuniylashtiradi, balki ularni yana-da mustahkamlaydi. Bu esa O‘zbekistonning kelgusi yillarda jadal iqtisodiy yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.