30/Dekabr/2021 Sayyohlik
ISTANBUL, 30 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Istanbul texnik universitetida tashkil etilgan xalqaro ko‘zgazmada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Bir necha yillardan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro tadbirda Bosh konsulxona mazkur universitetda tahsil olayotgan vatandosh-talabalar bilan birgalikda qatnashdi.
Ko‘rgazmada, shuningdek, AQSH, Kanada, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston singari 20 ga yaqin davlat vakillari o‘zlarining milliy stendlari bilan ishtirok etdi.
Tadbirni Istanbul texnologiya universiteti rektori professor doktor Ismoil Kuyunju kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Istanbul texnik universitetida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz milliy kiyimlarimizni kiygan holda ko‘rgazma mehmonlariga o‘zbek oshxonasining asosiy taomlari – palov va somsa, milliy cholg‘u asboblarimiz do‘mbira va doira, shuningdek, Rishtonning sopoldan ishlangan laganlarini hamda ganch va yog‘ochdan ishlangan o‘ymakorlik mahsulotlarini taqdim etdi. O‘zbekiston milliy stendi mehmonlar va ishtirokchilarga katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir chog‘ida O‘zbekiston burchagiga tashrif buyurgan mehmonlarga o‘zbek xalqining urf-odatlari va anʼanalari, boy madaniy, maʼnaviy va tarixiy merosi, ularni asrab-avaylash borasida davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.