29/Yanvar/2022 Vatandoshlarimiz
PEKIN, 29 yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xitoyda yashaydigan faol vatandoshlar ishtirokida davlatimiz rahbarining «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi deb xabar bermoqda, “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda joriy yil 26 yanvar kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish tafsilotlari, Prezidentimizning «Davlat – inson uchun» g‘oyasini hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» farmoni mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Demokratik islohotlar uzviyligi va davomiyligini taʼminlash yo‘lida kelgusi faoliyat uchun «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» bosh tamoyili belgilangani taʼkidlandi.
Yurtdoshlarimizga so‘nggi besh yillikda barcha sohalardagi yangilanishlar, rivojlanish natijalari, xususan, inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga bag‘ishlangan taqdimot taqdim etildi.
O‘z navbatida, o‘tgan 2021 yilda Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida 142 ta maʼnaviy-axloqiy, diniy-maʼrifiy, konsullik-huquqiy va milliy ruhdagi targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilganligi taʼkidlanib, mazkur yo‘nalishdagi tizimli ishlar samaradorligini yana-da oshirish maqsadida elchixonaning “WeChat” ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlari orqali fuqarolarimiz eʼtiboriga muntazam ravishda targ‘ibot materiallari va videolavhalar havola etib borilgani so‘zlab berildi.
Uchrashuvda xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar mavzusi ham ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
Muloqot chog‘ida vatandoshlar O‘zbekiston hududida iqtisodiyot, turizm, madaniyat, taʼlim, sanʼat va sport sohalarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish takliflarini ham bildirdi.