Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Sentabr/2020   Iqtisodiy diplomatiya

AQSh va Yevropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan onlayn maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi


TOShKENT, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekistondagi AQSh va Yevropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillari bilan Respublikaning paxta va to‘qimachilik sohalarini isloh qilish bo‘yicha hamkorlik istiqboli muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn maslahatlashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vazirlik xabarida keltirilishicha, xorijiy hamkorlar paxta yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va paxta terish jarayonini mexanizatsiyalash, shuningdek, ishchilarni mavsumiy paxta yig‘im-terimiga jalb qilishda bozor mexanizmiga izchil o‘tish orqali mamlakat hukumati tomonidan paxta sanoatini zamonaviylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Jumladan, 2019-yil Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish dasturi ishga tushirildi. Ayni amaliyotni O‘zbekistonning boshqa hududlariga ham yoyish istiqboli mavjud.

Xorijiy diplomatlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar fikricha, sohani isloh qilish yo‘nalishidagi yana bir yutuq – paxta xomashyosiga davlat buyurtmasi bekor qilinishi bo‘ldi. Bu paxta bozorida narxni erkin shakllantirish mexanizmini joriy etish va sohada xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish imkonini beradi.

To‘qimachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va paxta xom ashyosini eksport qilishdan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga o‘tish yo‘lida erishilgan sezilarli yutuqlar ta’kidlandi. Shu bilan birga, klaster ishlab chiqarish tizimidan foydalanish ko‘lami ham kengayib bormoqda – O‘zbekistonda ilk bor 2017-yil tashkil etilgan paxta klasterlari soni bugun 75 taga yetdi.

“Cotton Campaign” koalitsiyasi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan majburiy mehnatga barham berish masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘rnatish, to‘qimachilik sohasida ta’minot zanjiri shaffofligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar ham yuqori baholandi.

Maslahatlashuv jarayonida mas’uliyatli paxta ishlab chiqarish bo‘yicha umume’tirof etilgan sanoat standartlarini joriy etish, mamlakat to‘qimachilik sanoatini isloh qilish yuzasidan uzluksiz hisobоt berish va ishlab chiqarish siklining barcha darajalarida shaffoflikni oshirish tizimini yaratish hisobiga xalqaro bozorda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshirish doirasida kelgusida hamkorlik qilish istiqboli haqida fikr almashildi.

Tadbir yakunida muhokama etilgan yo‘nalishlardagi hamkorlik doirasi tomonlarni qiziqtirgan masalalarni birgalikda muhokama qilish uchun doimiy faoliyat ko‘rsatadigan platforma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
 

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchixonasi Malayziya kompa...

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi «ScentPur Industry» kompaniyasi direktori Denni...

Hind kompaniyasi bilan o‘zaro savdo hajm...

Respublikamiz eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish borasida olib borila...

ITSV: O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva ...

Kecha Moskva shahrida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi...

So`nggi yangiliklar