30/Yanvar/2023 Dolzarb
ANQARA, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Maʼlumki, investitsiya jozibadorligi va eksport salohiyatini targ‘ib etish iqtisodiy diplomatiyadagi muhim qirralardan biri hisoblanadi.
Bu yo‘nalishdagi faoliyati doirasida mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan mazkur davlatning qator viloyatlariga savdo-iqtisodiy missiyalar amalga oshirilayotir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Turkiyaning muhim sanoat hududlaridan biri - Tokat viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari, yirik ishlab chiqaruvchilari va biznes vakillari bilan muloqotlar, taqdimotlar, hamda davra suhbatlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida turkiyalik hamkorlarga O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar yetkazilgani barobarida mamlakatimizda tashqi savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hukumat darajasidagi chora-tadbirlar, yaratilgan qulay shart-sharoitlar keng targ‘ib qilindi.
Uchrashuvlarda mamlakatimizning eksport imkoniyatlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xalqaro transport-logistika masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Turkiyaning Tokat viloyati yirik kompaniyalari, jumladan “Dimes”, “Asikbaba”, “Kardelen”, “Ülkü Tekstil” bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan aloqalar o‘rnatildi. Mazkur korxonalarning mahsulot ishlab chiqarishdagi klaster tajribasi o‘rganildi. Shu tariqa o‘zbek kompaniyalari bilan hamkorlik qilish uchun dastlabki asos yaratildi.
Bo‘lib o‘tkazilgan uchrashuvlarda turk tadbirkorlarining O‘zbekistonga safarlari, xususan, Toshkent investitsiya forumi, mamlakatimizda o‘tkaziladigan yirik ko‘rgazmalarda ishtiroki yuzasidan kelishuvlarga erishildi.