20/May/2022 Sayyohlik
ISTANBUL, 20-may. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Turkiya Din ishlari boshqarmasining masʼul xodimlari, ulamolar va ushbu davlatda keng yoyilgan Naqshbandiya tariqatining faol aʼzolaridan iborat delegatsiya Samarqand shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh konsulxona vakillari 140 nafar bo‘lgan turkiyalik ziyoratchilarining tashriflarini tegishli vazirlik va hokimiyatlar bilan ishlab chiqdi va ularga tegishli konsullik yordamini ko‘rsatdi.
Turkiyalik ziyoratchilarni kuzatish tadbirida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Amirsaid Aʼzamxodjayev mamlakatmizning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy shaharlar va ziyoratgohlarda sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil maʼlumot berdi.
O‘z navbatida, turkiyalik ziyoratchilar mamlakatimiz hukumati tomonidan sayyohlik sohasini, xususan «ziyorat turizmi»ni rivojlantirishdagi saʼy-harakatlarini, turkiy millatlarning ota yurti bo‘lgan O‘zbekistonning boy tarixi, qadriyatlari va madaniyatini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni eʼtirof etdilar.
- O‘zbekistonga turkiyalik taniqli olimlar va faollarni olib ketayapmiz, - dedi “Yesevitur” sayyohlik agentligi rahbari Mehmet Kaya. – Dasturimizdan qadimiy Samarqand shahrining mashhur Registon maydoni, Shohi Zinda ansambli va boshqa muqaddas ziyoratgohlarga safarlar o‘rin olgan. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga ushbu turni tashkil etishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildiramiz.