12/Fevral/2020 Jamiyat
TOShKENT, 12 fevral. /«Dunyo AA"/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 19-20 fevral' kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar maydonida "Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum" (UAALF-2020) birinchi xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi. Ayni paytda mazkur yirik tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar jadal sur'atda davom etmoqda. Forumni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayon mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda.
Bugun Toshkent shahridagi "Hilton" mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida aviatsiya forumiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, transport vaziri Elyor G‘aniev, "Uzbekistan Airports" AJ raisi Ravshan Ismoilov ishtirok etdi.
Birinchi xalqaro aviaforumni o‘tkazish mamlakatga yetakchi xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga ko‘maklashish, respublika aviatsiya transporti sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatini maksimal darajada xabardor qilish, O‘zbekiston aviatsiya sohasi hamda aeroportlarining investision va iqtisodiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lamini kengaytiradi, mamdakatimiz xalqaro aeroportlari salohiyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi.
Forumda xorijiy davlatlarning transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar boshqaruvi vakillari, yetakchi xalqaro va xorijiy aviakompaniyalar, aeroportlar, aviatsiya va transport sohasidagi kompaniyalarning yuqori lavozimli rasmiylari ishtirok etadi.
Xalqaro aviako‘rgazma tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari hamda «Fair Exhibition Organizers» (BAA) kompaniyasidir.
- Ushbu tadbir eksponentlar va mehmonlarga qarorlar qabul qiluvchi mansabdor shaxslar bilan aloqalarni rivojlantirish uchun qudratli platforma sifatida xizmat qiladi va shu tariqa noyob imkoniyatlar beradi. Xalqaro aviaforum doirasida ko‘plab yuqori darajali uchrashuvlar, konferentsiyalar, ko‘rgazma hamda qiziqarli taqdimotlar o‘tkaziladi. Birinchi xalqaro aviaforum dunyoning yetakchi aviakompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. - Forum doirasida o‘tadigan ko‘rgazmada aeroportlar, aviatsiya va logistika vakillari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etadi, zero O‘zbekiston hukumati mamlakatda aviaqatnovlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirish maqsadida o‘zining logistik imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Tadbir yurtimizda turizmni rivjlantirish va mahalliy turpaketlarni reklama qilishimizda muhim ahamitga ega. Ommaviy axborot vositalarida forum haqida imkon batafsil materillar berilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu albatta yurtimiz imidjini xalqaro maydonda oshirishga xizmat qiladi.
UAALF 2020 xalqaro forumida Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Kuwait, Misr, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi ko‘plab davlatlardan 60 dan ziyod eksponent, 300 delegat va 1 ming 200 mutaxassis, jumladan xorijiy davlatlarning transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar boshqaruvi vakillari, yetakchi xalqaro aviakompaniyalar, aeroportlar, aviatsiya va transport sohasidagi kompaniyalarning yuqori lavozimli rasmiylari ishtiroki kutilmoqda.
- Mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish borasida Prezidentimiz tomonidan keng ko‘lamli sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Mazkur forumning tashkil etilishi ham davlatimiz rahbarining tashubbuslaridir, - dedi O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Elyor G‘aniev. - Yurtimizda aviatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha tub islohotlar boshlangan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshir kerak. Albatta, sohada qilinishi zarur bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Mazkur forumni tashkil etishdan maqsad - zamonaviy aeroportlarni ko‘paytirish va ularni xususiylashtirish, yangi uchish-qo‘nish yo‘laklarini qurish, O‘zbekiston hududida yangi aviakompaniyalarni tashkil etish, xorijiy tashuvchilarni jalb etish, “Andijon” va “Navoiy” aeroportlarini “ochiq osmon” hududiga aylantirish kabi ko‘plab masallarni yechishga qaratilgan. Shuningdek aeroportlar xarajatlarini pasaytirish orqali biz bilet narxlarni 20 foizgacha tushirishni mo‘ljallayapmiz. Malakatimizda ushbu soha rivojlantirish maqsadidi Jahon banki mutaxassislari ishtirokida aviatsiya konsepsiyasini ishlab chiqayapmiz. Unda yuqorida aytilgan barcha vazifalar belgilangan. O‘ylaymanki, yaqin yillarda O‘zbekiston aviabozori mintaqada yetakchi xabga aylanadi. Bu borada bizda barcha imkoniyatlar, bilim va kuch bor.
Ikki kunlik tadbirga dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi 130 ga yaqin xalqaro aviatashuvchi, aviasozlar tashkilotlari jalb qilingan. Xususan, “Boing” va “Jetcraft” (AQSh), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Luftansa Consulting” (Germaniya), “EGIS” (Fransiya), “ATR” (Ispaniya), “Kuwait Airways” (Kuvayt), “Air Arabia” va “BGT Events” (BAA), “Gulf Air” (Baxrayn), “Korean Air” va “Asiana Airlines” (Janubiy Koreya), “Azerbaijan Airlines” (Ozarboyjon), “Aeroflot” va “IrAero” (Rossiya), “Al Masriya” (Misr), “Zagros Airlines” (Eron), “Pegasus Airlines” va “Turkish Airlines” (Turkiya), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya), “Air Astana” (Qozog‘iston) kabi kompaniyalar o‘z xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etadi.
Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorlikda “O‘zbekiston fuqaro aviasiyasining rivojlantirish: xalqaro tajriba va olingan saboqlar” mavzuida seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.