09/Aprel/2021 Sanalar
Shu kunlarda nafaqat O‘zbekiston, balki jahonda insoniyat tarixini o‘zgartira olgan, Sharqning Ikkinchi Renessansini boshlab bergan buyuk davlat arbobi va islohotchi, ulkan sarkarda, daho bobomiz Amir Temur tavalludining 685 yilligi keng nishonlanmoqda. Amir Temur markazlashgan davlatga asos solib, uning kuchqudratini har tomonlama mustahkamlab va rivojlantirib, shonshuhratini butun jahonga yoydi, buyuk saltanat hukmdori sifatida millatlar va xalqlarni birlashtirdi. Uning davrida iqtisodiyot va savdo, madaniyat va ilm-fan, me’morlik va tasviriy san’at, musiqa va she’riyat yuqori cho‘qqilarga ko‘tarildi. Bir so‘z bilan aytganda, Temuriylar davri Renessansiga asos solindi.
Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori, faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni o‘rganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatchilar diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarda tarjima qilingan hamda ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilgan. Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davrini o‘rganishga oid nashrlar kun sayin ortmoqda. Pirovardida jahon jamiyatshunosligida “Temurshunoslik” mustaqil ilmiy yo‘nalishi shakllandi.
Bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-g‘oyaviy, madaniy va tafakkur darajasi keskin ko‘tarilishiga qo‘shgan hissasi beqiyosligi hech kimda shubha uyg‘otmaydi. Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot taraqqiyoti hamda ulug‘ kashfiyot va ixtirolarda o‘z aksini topgan davr, xalqimizni esa shu paytgacha ikki marotaba Renessansga asos solgan el sifatida e’tirof etadi. Ya’ni xalqimiz haqli ravishda Renessans yarata olgan kam sonli xalqlar sirasiga kiritiladi.
Shu ma’noda, bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari kutilgan natijalar berishiga to‘la asos bor, deb baholanmoqda. Uning xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan o‘z yurtiga egalikdan mosuvo bo‘lgan, farovon va yaxshi yashashdan umidini uzgan, kelajakka ishonmay qo‘ygan elimizning qaddi va sindirilgan milliy g‘ururi tiklanishi, yangi va erkin O‘zbekistonga xos ongi shakllanishi, so‘ngan ruhining ko‘tarilishi, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar va tarixiy shaxslarga bo‘lgan hurmat-e’tibor qaytarilishi, deb qaralmoqda.
Bu sa’y-harakatlar chingiziylarning 150 yillik istibdodi davrida toptalgan g‘ururimizni qayta ko‘targan Amir Temur bobomiz faoliyatiga mengzaladi.
O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanish va yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tarixshunoslikda ham ajdodlarimiz o‘tmishini o‘rganish, unga to‘g‘ri va xolis ilmiy baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yo‘l ochildi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulug‘ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor”.
O‘tgan qisqa davr mobaynida ob’ektiv tariximizni yaratish yo‘lida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar qilindi. Qator muhim tarixiy qo‘lyozma manbalar nashr etildi. Natijada tarixchilar uchun yirik tadqiqotlar yaratish imkoniyatlari vujudga keldi. Xususan, ajdodlarimiz tarixining noma’lum qirralari va o‘qilmagan sahifalari hamda insoniyat o‘tmishida o‘ziga xos o‘rin egallagan tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganish uchun zarur manbaviy asoslar yaratildi.
Hozirga qadar O‘zbekistonda temurshunoslik mavzusiga oid bir necha bibliografik nashrlar amalga oshirilgan. Chunonchi:
Amir Temur va temuriylar haqida Misr kutubxonasida saqlanayotgan manba va qo‘llanmalar fihristi yaratildi;
“Amir Temur dunyo fani ko‘zgusida” nomli bibliografik nashr xorijiy tillarda chop etildi;
jahon tarixshunosligida mustaqil temurshunoslik ilmiy yo‘nalishi shakllanganiga asoslanib, “Amir Temur jahon tarixida” nomli asar yaratildi;
“Amir Temur bibliografiyasi” hamda “Amir Temur saltanati tarixnavisligi” nomli bibliografik ko‘rsatkichda O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amal ga oshirilgan adabiyotlar jamlandi;
“Temuriylar davri Renessansi”, “Temuriylar davri yozma yodgorliklarining O‘zbekistonda va xorijda o‘rganilishi”, “O‘zbekiston tarixiga oid madaniy-ma’naviy merosning xorijga tarqalishi va ularning vatanimiz tarixida tutgan o‘rni”, “Shohruhiya qal’a shahri — Amir Temur va Temuriylar davrining noyob yodgorligi”, “Chet ellarda saqlanayotgan Temuriylar davri ashyolari katalogi”, “O‘rta Osiyoda kitobat san’ati tarixidan (Temuriylar davrida yaratilgan asarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari)”, “Amir Temur va Temuriylar davridagi harbiy san’at” kabi mavzularda turkum asarlar chop etildi.
Amir Temur va Temuriylar davri tarixshunosligi bo‘yicha O‘zbekistonda qator salmoqli ishlar qilingan. Aksariyat tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, boshqa tarixiy davrni o‘rganishda adabiyotlar taqchilligi qiynasa, bu davr tadqiqotchisiga adabiyotlarning ko‘pligi va turlicha munosabat qiyinchilik tug‘diradi. Aynan shu jihat ham bibliografik tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytiradi.
Keyingi yillarda Amir Temur shaxsi va davriga oid birmuncha manbalar tarjimasi, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar yaratildiki, ularni aniqlash, to‘plash va tizimlashtirish zaruriyati paydo bo‘ldi. Shu maqsadda yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan O‘zbekiston va jahon miqyosida Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab nashr qilingan adabiyotlar jamlanib, izohlar bilan yangi “Amir Temur. Bibliografiya” to‘plamining birinchi kitobi chop etildi.
Ushbu bibliografik ko‘rsatkichda:
birinchidan, yurtimizda Amir Temur xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan rasmiy (qonun, farmon, qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar) ma’lumotlar umumlashtirildi;
ikkinchidan, mavzuni yorituvchi monografiyalar, risolalar, dissertatsiyalar, yubileylarga bag‘ishlangan albomlar, konferensiya materiallari, o‘quv qo‘llanmalar, respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalar jamlandi;
uchinchidan, xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, muzeylar va fondlardan o‘rin olgan adabiyotlardan ham imkon qadar foydalanildi.
Jumladan, turli tillarda nashr etilgan kitob va maqolalar imkon qadar jamlanib, muayyan tartibga solindi. Unga, xususan, o‘zbek tilidagi 2 248 ta, rus tilidagi 2 085 ta, ingliz tilidagi 655 ta, fransuz tilidagi 221 ta, arab tilidagi 29 ta, fors-tojik tilidagi 76 ta va turk tilidagi 296 ta nashr to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin oldi.
Ta’kidlash joizki, kitob nihoyatda yuqori poligrafik darajada tayyorlangan.
Mazkur kitob mavzui davomlidir, ya’ni yildan-yilga yangi adabiyotlar, tadqiqotlar qo‘shilib boraveradi. Bu hol o‘z-o‘zidan kelgusida bu bibliografiyaning davomli nashrlari yaratilishiga zamin bo‘ladi. Ushbu bibliografik ko‘rsatkich zamonaviy tarix fani uchun dolzarb hisoblanib, Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik faoliyatini o‘rganishda qulaylik va imkoniyat yaratib, kelgusi tadqiqotlarni yo‘naltirishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Kitob mualliflariga keyingi ishlarn
Turli tillarda nashr etilgan kitob va maqolalar imkon qadar jamlanib, muayyan tartibga solindi. Undan, xususan, o‘zbek tilidagi 2 ming 248 ta, rus tilidagi 2 ming 85 ta, ingliz tilidagi 655 ta, fransuz tilidagi 221 ta, arab tilidagi 29 ta, fors-tojik tilidagi 76 ta va turk tilidagi 296 ta nashr to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin oldi.
Akmal SAIDOV, akademik.
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2021 yil 8 aprel).