30/Mart/2023 Dolzarb
BANGKOK, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlarining Tailand Milliy Assambleyasi Vakillar palatasi spikeri maslahatchisi, Tailand Islom markazi fondi (The Foundation of the Islamic Centre of Thailand) raisi Samart Malulim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ikki tomonlama madaniy va turizm sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tailand tomoni qirollikning musulmon aholisi orasida O‘zbekistonning islom qadamjolarini ziyorat qilish, islom muhaddislari Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa buyuk allomalarning ilmiy merosini yaqindan o‘rganishga qiziqish katta ekanligini urg‘uladi.
O‘zbekiston va Tailand fuqarolarining sayohatlari ikki tomonlama o‘sishi uchun nafaqat charter, balki doimiy aviaqatnovlarning tiklanishi dolzarbligi qayd etildi. O‘z navbatida, Bosh konsulxona tomonidan hozirgi kunda Toshkentdan Pxuket va Bangkok shaharlariga haftasiga 1 marotaba charter aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, shu bilan birga muntazam reyslarni tiklash bo‘yicha ham tomonlar muzokaralar olib borayotgani maʼlum qilindi.
Muloqot chog‘ida Tailand tomoniga joriy yil 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – umumxalq referendumi haqidagi maʼlumot taqdim etildi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha islohotlar, eng avvalo, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgani taʼkidlandi. Samart Malulim Konstitutsiya yangi tahririga binoan, O‘zbekistonda Parlament Qonunchilik palatasi va Senatining vakolatlari sezilarli darajada kengayishi va xalq vakillarining masʼuliyat sohasi aniq belgilanayotganini olqishladi.
Uchrashuv yakunida ziyorat turizm yo‘nalishida tailandlik sayyohlarni respublikamizga keng jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish hamda Tailand ilmiy doira vakillarini O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.