30/May/2023 Sayyohlik
VARSHAVA, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasida Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Polshaning yetakchi ommaviy axborot vositalari, turkompaniyalar, ishbilarmon doiralar vakillari va «LOT Polish Airlines» aviakompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Taqdimot avvalida elchi Baxrom Babayev polyak tomoniga Samarqandning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyatining o‘ziga xosligi, meʼmoriy yodgorliklari, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi.
Samarqandda turizmni rivojlantirish, viloyatdagi tarixiy obidalarni asrab-avaylash, xorijiy mamlakatlardan sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat Turizm bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jasur Raxmanov maʼlumot berdi.
Namoyish etilgan taqdimot va Samarqandning tarixiy shaharlari, meʼmoriy obidalari hamda milliy taomlar haqidagi videofilm Polsha tomonining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Diplomatik missiya jurnalistlarni Polsha bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida turizm, iqtisodiyot, siyosiy tashabbuslar, ekologiya, inson huquqlari, taʼlim, gender tenglik va boshqa sohalarda kechayotgan jarayonlarni xolis yoritishda faol qatnashishga chaqirdi.
Media vakillarining Polsha OAVda turkum maqolalarni eʼlon qilish, ularni so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim jihatlari bilan tanishtirish maqsadida O‘zbekistonga press-turini tashkil etish taklifi bildirildi.
«Sogdiana Avia Tour», «Old Samarkand Travel», “NegenTravel” kabi Samarqandning sayyohlik firmalari va «Medina hotel» mexmonxonasi rahbarlari tomonidan ham alohida O‘zbekiston turizm sohasining rivojlanishi bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.
Polsha Turistik operatorlar assotsiatsiyasi prezidenti Dariush Voytas O‘zbekiston turizm industriyasi katta salohiyatga ega ekanligini, mamlakatda hozirgi kunda ushbu sohada keng sharoitlar yaratilayotgani taʼkidladi. «Xususan zamonaviy mehmonxonalar, aeroportlar, polyak sayyohlari hamda yirik turistik kompaniyalar eʼtiborini tortayotmoqa. Bugungi tadbir orqali Samarqanda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, xususan ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va turistik yo‘nalishlarda olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ifodasini ko‘rish mumkin», - dedi u.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilari uchun Samarqand palovini tayyorlash bo‘yicha master-klass tashkil etildi.