20/Oktabr/2021 Saylov - 2021
TOSHKЕNT, 20-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Markaziy saylov komisiyasi (MSK) raisi Zayniddin Nizamxodjayev Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kuzatuvchilar missiyasi rahbari Anis ul-Xaq bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
MSK matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida Missiya a’zolari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Saylov kampaniyasi tadbirlari Saylov kodeksi talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Komissiya raisi Zayniddin Nizamxodjayev 14 oktabrdan mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangani va bu jarayon 20 oktabrning yakuniga qadar davom etishini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalqaro kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni tugaganligi hamda shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashadigan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar soni mingga yaqinni tashkil etganligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, IHT saylovlarni kuzatish missiyasiga IHT Bosh kotibiyatining Xalqaro munosabatlar departamenti direktori Anis ul-Xaq boshchilik qilmoqda.