Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Dekabr/2021   Tahlil

Ittifoqchilik munosabatlari va strategik sheriklik: umumiy jihat va tafovutlar

TOSHKENT, 11 dekabr. /“Dunyo” AA”. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5-6 dekabr kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.


Jahon siyosatida “ittifoqchilik munosabatlari” tushunchasi nimani anglatadi? U strategik sheriklikdan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Siyosiy fanlar doktori Sardor Usmonov “Dunyo” AAga shu haqda so‘zlab berdi.

- “Ittifoqchilik munosabatlari” (allied relations) va “strategik sheriklik” (strategic partnerships) tushunchalari xalqaro munosabatlar tizimida katta ahamiyatga ega fenomenlar hisoblanadi, - dedi ekspert. - Ikkisi ham davlatlararo munosabatlarda o‘zining alohida o‘rniga ega. Shu bilan birga, bu ikki tushuncha o‘rtasida nozik farqlar mavjud.

Ittifoqdosh davlatlar o‘rtasida, odatda, do‘stlik, yaqinlik, tabiiy hamjihatlik, uyg‘un munosabatlar mavjud bo‘ladi. G‘arb manbalarida bunday davlatlar “tabiiy ittifoqdoshlar” (natural allies) deb ham ataladi.

Strategik sheriklik holatida esa ikki davlatni umumiy manfaatlar birlashtirib, siyosiy qadam va sayʼ-harakatlarni birgalikda, kelishgan holda qabul qilishga undaydi.

Masalan, AQSH va Buyuk Britaniya Ikkinchi jahon urushi davrida ham, urushdan so‘ng ham ko‘plab xalqaro masalalarda tabiiy ittifoqdoshlar sanalgan. Ikki mamlakat umumiy madaniy va uyg‘un siyosiy qadriyatlarga ega. Ikkisi ham liberal kapitalizm va demokratiyani targ‘ib qilgan. Ikki jamiyatdagi uyg‘unliklar ikki hukumat o‘rtasidagi siyosiy hamkorlikni “tabiiy ittifoqdoshlar” maqomida amalga oshirishga ko‘mak beradi.

Strategik sheriklik holatiga eʼtibor qarataylik. Misol uchun, Yevropa Ittifoqi dunyoning 10 dan ziyod davlat va qator mintaqalar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan. Yevropa Ittifoqining strategik sheriklari qatorida, jumladan, Rossiya ham bor.

Bu holatda, eng birinchi navbatda, milliy manfaatlarning uyg‘unligi bo‘lib, strategik qarorlarni birgalikda, hamjihat bo‘lib qabul qilish nazarda tutiladi.

Biroq kengroq qaraganda, strategik sheriklar ittifoqdoshlardan farqli o‘laroq, madaniy yoki mafkuraviy yaqinlikka ega bo‘lishi shart emas. Ammo xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavf-xatarlarga yuzlanganda ikki tomon o‘zlarining madaniy va mafkuraviy tafovutlariga eʼtibor qaratmay, strategik sheriklarga aylanadi. Umumiy muammoga qarshi ikki tomon o‘zlarining strategik resurs va imkoniyatlarini birlashtirib, bir-birlariga yordam qo‘lini cho‘zadi. Milliy manfaat barcha mulohazalardan ustun bo‘ladi.

Davlat uchun ham ittifoqchilik munosabatlari, ham strategik sheriklik foydali va zarurdir. Ittifoqdosh va sheriklar bilan davlat o‘zini kuchliroq his qiladi va uning faoliyat jug‘rofiyasi kengayadi. U mintaqaviy va hatto global jarayonlarga ko‘proq taʼsir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Strategik sheriklar bilan mamlakatning o‘z raqiblari ustidan iqtisodiy va siyosiy raqobatda g‘alaba qozonish salohiyati oshadi. Ittifoqdoshlar bilan esa mamlakatning xalqaro sahnadagi qarorlari va xatti-harakatlari legitim, mantiqan asosli tuyulib, ularga nisbatan xalqaro hamjamiyatda ishonch yuqoriroq bo‘ladi. Chunki bu qarorlar bir nechta mamlakatning roziligini olgan bo‘ladi.

Har qanday holatda – ittifoqdosh yoki sherik bo‘ladimi – mamlakatlar birgalikda yana-da kuchliroq bo‘ladi. Shuning uchun tarixan har bir siyosiy yetakchi o‘z mamlakati uchun ittifoqchi va hamkorlar tarmog‘ini kengaytirib, ana shunday ittifoq uning mamlakatiga qarshi shakllanishini bartaraf qilishga uringan.

Qaysi biri muhimroq – ittifoqdoshmi yoki strategik hamkormi, – bu ritorik savolga javob berish qiyin. Javob muayyan tarixiy va strategik vaziyatga bog‘liq.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagani chinakam tarixiy voqeaga aylandi.

Taʼkidlanganiday, deklaratsiyada ikki qardosh xalqlarning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topdi.

Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston ittifoqdosh davlatlarga aylandi. Bu ikki davlat va xalqning xohish-irodasidir. Tabiiy tarixiy jarayonlar mahsuli bo‘lgan ushbu yangi format har ikki davlatning mintaqaviy va global mavqeini oshirish uchun muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi.

“Bir-birini to‘ldirib turish” tamoyili bilan ikki mamlakat hozir birgalikda yana-da kuchliroq bo‘ldi.

Mavzuga oid

Yangi O‘zbekiston zamonaviy tashqi siyos...

“O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoli...

O‘zbekiston vaf Janubiy Koreya tahlil tu...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida Xanyang universiteti huzuridagi Osiyo-tinch okeani...

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar i...

Tojikiston poytaxtida "O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnich...

So`nggi yangiliklar