Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/May/2022   Sayyohlik

Ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish imkoniyatlari kengaymoqda

TOSHKЕNT, 10-may. /«Dunyo» AA/. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor TULYAKOV “Dunyo” axborot agentligiga O‘zbekistonda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini taqdim qildi:


– Turizm, bugungi kunning eng muhim iqtisodiy sohalaridan biri sanaladi. Shu boisdan, dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan ushbu sohani yanada rivojlantirish, bu borada tegishli infrastrukturani jahon standartlari darajasida yaratish va sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda sayohat qiluvchi turistlar soni 1,4 milliardni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 6 foizga ko‘paygan. 2019 yilda esa, sayyohlar soni 1,5 milliardga yetgan. 2019 yilda jahon yalpi ichki mahsulotida turizm va sayyohlikning umumiy hissasi esa, qariyb 9 170 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Yuqoridagi raqamlar odamlarning yildan-yilga sayyohatga bo‘lgan qiziqishi, talablarining ortib borayotganiga yaqqol misoldir. Umuman, turizm iqtisodiy foyda keltirishdan tashqari, aholining dunyoqarashini kengaytirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, dunyoning turli davlatlari va mintaqalari vakillari o‘rtasida yaqin aloqalarni rivojlantirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ham ulkan turizm salohiyatiga ega. 2016 yilda O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish orqali sayyohlik infratuzilmasi rivojlantirildi. Xalqaro sayyohlar soni 2016 yildagi 2 milliondan 2019 yilda 6,7 milliongacha ko‘paydi. BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019 yilda eng yaxshi rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishiga ega mamlakatlar beshligidan joy oldi.

2016–2021 yillarda mahalliy sayyohlarning soni 24 millionga yetgan bo‘lsa, xorijliklarning soni qariyb 20 million kishini tashkil etdi. Koronavirus pandemiyasi sabab, 2020 yilda O‘zbekistonga 1,5 million, 2021 yilda esa, 1,7 million chet ellik sayyohlar tashrif buyurgan.

Turizmni rivojlantirishning jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, mazkur industriyani yuqori daromadli sohaga aylantirish uchun davlat va xususiy sektordagi barcha ishtirokchilarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va mustahkamlash zarur. Bunda, hukumatning roli – xalqaro, hukumat va xususiy sektor darajalarida turizm sohasidagi rivojlanish siyosatini muvofiqlashtirish va rejalashtirishni ta’minlashdan iborat.

Shu nuqtai nazardan, 2022 yilning 26 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda turizm industriyasini rivojlantirish, sohadagi, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining daromadlari, yashash darajasi va sifatini oshirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va nufuzini yaxshilashga qaratilgan masalalarga alohida urg‘u berildi.

Yig‘ilishda jahonda koronavirus pandemiyasi paytida o‘rnatilgan cheklovlar asta-sekin yumshayotgani, shu bois turizm industriyasi tiklanayotgani, xususan, 2022 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 610 ming nafar sayyoh tashrif buyurgani, bu esa, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘pligi qayd etildi.

Mamlakatning har bir hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Bunga, Namangandagi «Afsonalar vodiysi», Bo‘stonliqdagi «Amirsoy» majmualari yaqqol misol bo‘la oladi. Mazkur majmualarga kuniga minglab xorijiy va mahalliy sayyohlarning tashrif buyurishi tahsinga sazovor, albatta.

Prezident yig‘ilish davomida «O‘zbekiston turizm magistrali» bo‘ylab, 31 ta tuman va shahar hududidan o‘tuvchi yo‘llar bo‘yida avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish kabi xizmatlarni qamrab olgan «Karvonsaroy»lar barpo etish taklifini ham berdi. Albatta, bu takliflarning amalga oshirilishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, aholi bandligining ta’minlanishi hamda turmush farovonligining oshishiga, shuningdek mamlakat iqtisodiyotida turizm industriyasi ulushining sezilarli ravishda ortishiga, sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, ichki turizmning jadal rivojlanishida xususiy sektorning ham o‘z o‘rni bor. Hozirda ko‘plab tadbirkor va hunarmandlar turizm sohasiga jalb qilingan bo‘lib, ular suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish, mehmonxona xo‘jaligi, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu borada tadbirkorlarga davlat tomonidan ssudalar, subsidiyalar, kreditlar va boshqa turli imtiyozlarning taqdim etilayotgani e’tiborga loyiq.

Yig‘ilishda Prezident tomonidan ichki turizmni rivojlantirish hamda tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator imkoniyatlarning belgilab berilgani, so‘zimizga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Jumladan, 1 iyuldan boshlab, turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida, bunday qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari budjet hisobidan Turizm texnikumlarida bepul o‘qitiladi.

Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad, turizm industriyasini jadal rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish, ularga imtiyozlar taqdim etish, sohada kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, yangi sayyohlik mahsulotlari turini ko‘paytirishdan iborat.

Turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun, avvalo zarur infratuzilmani takomillashtirish lozim. Birinchisi, transport bo‘lsa, ikkinchisi logistikadir. Bugungi kunda Hukumat tomonidan transport xarajatlarini kamaytirish, sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda loukosterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, zamonaviy tezyurar poyezdlarga chipta sotib olish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda Prezident Transport vazirligiga turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bir qator topshiriqlarni berdi.

Jumladan, 1 iyuldan boshlab, «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi. 1 oktabrga qadar esa, mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi «Silk avia» kompaniyasi tashkil etiladi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi.

Albatta, bularning barchasi O‘zbekistonda turizm sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish, qulay iqtisodiy sharoit va omillarni yaratish, uning iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushini yuksaltirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda turizm infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan.

Mavzuga oid

Isroildagi xalqaro turistik ko‘rgazmada ...

Tel-Avivda 11-12 fevral kunlari O‘rta yer dengizi xalqaro turistik ko‘rgazmasi – “IMTM – 2...

O‘zbekiston va Yaponiya turizm sohasidag...

O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA)...

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Oz...

Boku shahrida O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati hamda diyorimizning xavfsiz mamlak...

So`nggi yangiliklar