Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Dekabr/2022   O’zbekiston dunyo nigohida

Hindistonning yetakchi nashri Samarqand sammiti yakunlari haqida maqola chop etdi

DEHLI, 7 dekabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning ingliz tilidagi  yetakchi bosma nashrlaridan biri - «The Indian Express» gazetasida «Samarqand sammiti yakunlari va Hindistonning SHHTga raisligi istiqbollari: tahlil» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.


Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi hind eksperti, «Vivekananda International Foundation» tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Pravesh Gupta qalamiga mansub maqolada  O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi davrida amalga oshirgan tadbirlari, joriy yil 15-16 sentyabr  kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti natijalari batafsil tahlil qilingan.

Maqolada qayd etilganidek, Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yilda tashkil topganidan beri Yevroosiyo mintaqaviy tashkiloti sifatida asta-sekin aholi soni, geografik qamrovi va iqtisodiy salohiyati jihatidan eng yirik ko‘p tomonlama mintaqaviy tuzilmaga aylandi.

«Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari tarixiy Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Tashkilotga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining 22-sammiti SHHT tarixida eng yirik anjumanlardan biri bo‘ldi, - deyiladi materialda. - Ushbu sammit dunyo hamjamiyati ko‘plab geosiyosiy siljishlarni boshdan kechirayotgan dolzarb bir paytda bo‘lib o‘tgani bilan ahamiyatli hisoblanadi. SHHT sammitini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga xos maʼnoga ega. Tarixda ushbu shahar islom, turkiy va boshqa ko‘plab qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib xizmat qilgani bilan  ahamiyatlidir».

«O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida 80 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli tashkil etildi, yetakchi vazirlik va idoralar rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan 30 dan ortiq hujjatni ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston raisligi doirasida birinchi marta gender tenglik masalalari, sanoat taraqqiyoti va axborot xavfsizligiga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazildi», deya qayd etadi muallif.

Materialda taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammitidagi o‘z nutqida bir qancha muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. «U SHHTga «Shanxay ruhi» va hozirgi global vaziyatdan kelib chiqqan holda SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni alohida taklif qildi, -deya qayd etadi hind ekperti. - Mazkur taklif SHHTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan hujjat tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi lozim».

Nashrda qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, transport-bog‘liqlik loyihalari, SHHT Iqlim kengashini tashkil etishga eʼtibor qaratib, sanoat va texnologik hamkorlik bo‘yicha umumiy makonni tashkil etish, bolalar va o‘smirlarni ekstremistik tashkilotlar taʼsiridan saqlash bo‘yicha ko‘plab samarali mexanizmlar qabul qilishni ilgari surdi. «Shuningdek, u kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond tashkil etish va butun Yevroosiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida 2023 yilni «SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili» deb belgilashni taklif qildi», deyiladi manbada.

Maqolada, shuningdek, SHHTga aʼzo barcha davlatlar O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan «Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini»ni ko‘pchilik ovoz bilan maʼqullagani taʼkidlangan.

Muallif SHHTga raislik O‘zbekistondan Hindistonga o‘tganiga alohida eʼtibor qaratdi. «O‘zbek tomonining Tashkilotga raislik davrida orttirgan boy tajribasi Hindiston uchun katta maktab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Dehli va Toshkent o‘rtasidagi joriy yuqori darajadagi strategik sheriklik Hindistonning 2023 yilda SHHTga muvaffaqiyatli raislik qilishi uchun ham salmoqli hissa qo‘shadi», deb yozadi «Vivekananda International Foundation» tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ining...

Germaniyada nashr etiladigan «OstContact» ixtisoslashgan iqtisodiy jurnali sahifasida O‘zb...

Shvetsiya savdo palatasi O‘zbekiston rah...

Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha Shvetsiya savdo palatasi risolasining navbatdagi sonida dav...

Xitoy ommaviy axborot vositalari O‘zbeki...

Xitoyning «Belt and Road Outlook» jurnalida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti re...

So`nggi yangiliklar