Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/May/2023   Jamiyat

Hindiston parlamentining yangi binosi ochildi

 DEHLI, 29 may. /“Dunyo” AA/. Kecha Hindiston parlamenti yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Mamlakat parlamentining qarorgohi bo‘lgan yangi binoda quyi palata - Lok Sabha va yuqori palata - Rajya Sabha joylashdi. Inshoot asosiy davlat organlari, mamlakatning ko‘plab shtatlarining vakolatxonalari joylashgan hududda qad rostladi.

Zamonaviy binoni Bosh vazir Narendra Modi mamlakat parlamenti aʼzolari, vazirlik va idoralari rahbarlari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus vakillari ishtirokida ochdi. Hukumat rahbari yangi bino farovon Hindistonning o‘ziga xos ramzini ifodalashini taʼkidladi.

Ushbu voqea munosabati bilan mamlakatda maxsus esdalik pochta markasi va tanga muomalaga chiqarildi.

Shu paytgacha mavjud bo‘lgan parlament majmuasi o‘rniga yangi bino qurish takliflari 2010 yillar boshida ilgari surila boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning fikricha, buning asosiy sababi qariyb bir asr avval – 1927 yilda foydalanishga topshirilgan eski binoda zamon talablari darajasidagi shart-sharoit yo‘qligi bo‘ldi. Ikkala palatada ham yig‘ilishlar o‘tkazish uchun qulay mexanizmlarning chegaralangani deputatlar faoliyati samaradorligiga taʼsir ko‘rsatar edi. Shunga qaramasdan, eski bino Hindiston milliy merosi uchun muhim obyekt sanaladi va uni meʼmoriy ahamiyatga ega davlat inshooti sifatida himoya qilish choralari ko‘rilishi aytilmoqda.

Yangi bino 150 yildan ortiq xizmat qilish uchun mo‘ljallangan. Uning dizayni zilzilaga chidamlikni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va Hindistonning turli hududlarining meʼmoriy uslublarini o‘zida mujassam etgan. Mamlakat Konstitutsiyasiga binoan, Lok Sabhaga 550 nafar deputat, Rajya Sabhaga esa 250 aʼzo saylanishi mumkin. Ammo mamlakat aholisining kelajakdagi o‘sishini hisobga olgan holda, palatalar majlislarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolar katta sig‘im, yaʼni mos ravishda 888 va 384 o‘ringa ega. Shu bilan birga, Lok Sabha zali qo‘shma majlislar o‘tkazish uchun 1270 dan ortiq kishini sig‘dira oladi.

Mavzuga oid

“Uzbekistan Airways” AJ “Toshkent – Tel-...

“Uzbekistan Airways” AJ maʼlumotiga ko‘ra, “Toshkent – Tel-Aviv – Toshkent” qatnovi qayta ...

Raqamli tibbiyotni rivojlantirish bo‘yic...

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bo...

Senat Raisi Markaziy Osiyo davlatlari ye...

Kecha Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi yig‘ilishi vide...

So`nggi yangiliklar