Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Dekabr/2021   Jamiyat

Buxoroda Italiyaning nufuzli universiteti filiali tashkil etiladi


 RIM, 1 dekabr. /“Dunyo” AA/. So‘nggi yillarda O‘zbekiston hamda Italiya o‘rtasidaub hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Bu, ayniqsa, bugungi kunda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan turli loyihalarda o‘z aksini topmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼlumki, joriy yil Buxoro viloyati hokimligi hamda O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi tomonidan Buxoro shahrida Italiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Luiji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining filialini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan edi. Bugun ushbu loyihaning amaliy ijrosini taʼminlash yo‘lida ilk qadam tashlandi: Neapol shahrida mehmon bo‘lib turgan Buxoro viloyati delegatsiyasi hamda Kampaniya universiteti rahbariyati o‘rtasida filialni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuv memorandumi imzolandi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Nusratilla Barakayev va Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Axatjon Nasullayev, Kampaniya universiteti rektori Janfranko Nikoletti, universitet prorektori Luidji Maffey, universitet xalqaro bo‘limi boshlig‘i Serjio Minuchchi hamda turli fakultetlarning vakillari qatnashdi.

Buxoro shahrida Kampaniya universiteti filialini ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama etildi. Imzolangan kelishuvga asosan filialda Kampaniya universitetining o‘quv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Buxoro viloyatida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda charm va teri mahsulotlarini qayta ishlash, tibbiyot, farmatsevtika va turli tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash taklifi o‘rtaga tashlandi.

Filialda taʼlim jarayoniga Kampaniya universitetining malakali professor-o‘qituvchilari jalb etilib, talabalarning Italiyada amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratiladi.

Rektor Janfranko Nikoletti Buxoro shahrida Kampaniya universiteti o‘z filialini tashkil etishdan manfaatdorligi, 2022 yilning bahorida universitet delegatsiyasining Buxoro shahriga tashrifi davomida filialni tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirdi.

Filial faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgunga qadar Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot universiteti bilan yuqorida taʼkidlangan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlari amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha Kampaniya universiteti hamda Buxoro oliy bilim yurtlari o‘rtasida memorandum imzolandi. Tomonlar o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarining o‘quv rejalari va turli tashkiliy masalalar batafsil muhokama etilib, bu borada ishlarni yana-da jadallashtirishga kelishib olindi.

Kampaniya universiteti hamda Buxoro viloyati oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olindi. Kampaniya universiteti mutaxassislari O‘zbekistondagi oliy taʼlim muassasalari ilmiy laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik talabalarga PhD darajasini olish uchun grantlar ajratish, o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Italiyaga taklif etish hamda ikki tomonlama diplom asosida tahsil olayotgan talabalarning Kampaniya universitetida o‘qishini amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar, shuningdek, taʼlim sohasida boshqa istiqbolli masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Kampaniya universiteti professor-o‘qituvchilari “Dunyo” AAga O‘zbekiston bilan hamkorlikka doir fikr-mulohazalarini so‘zlab berdi.

Luidji Maffey, Kampaniya universiteti vitse-rektori, professor:

– Bugun O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida, jumladan, taʼlim muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi –nufuzli oliy o‘quv yurtlarimiz o‘rtasida arxitektura, muhandislik, tibbiyot sohasiga oid ikkita shartnoma imzolandi.

Hamkorlik Italiya universitetning Buxoroda tashkil etiladigan filiali bilan davom ettiriladi. Mazkur loyihada biz Kampaniya universiteti nomidan ishtirok etamiz.

Serjio Minuchchi, Kampaniya universiteti xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, professor:

– Buxoro viloyati, u yerda joylashgan muhandislik va tibbiyot sohalariga ihtisoslashgan taʼlim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Avvalambor, tashkil etiladigan muhandislik va tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma fakultetlarda o‘quvchilar ushbu sohalar bo‘yicha ikki darajali diplom olish ikoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari u yerda hamshiralik, moda va dizayn hamda arxitektura yo‘nalishlarida ham taʼlim beriladi.

Yaqin kelajakda Buxoroda universitetimizning “Vanvitelli” deya nomlangan filialini tashqil etilishiga umid qilamiz va bu Buxoro bilan ikki tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishiga ishonchim komil. Bu esa, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuviga zamin yaratadi.

2022 yil bahorda Kampaniya universiteti delegatsiyasining Buxoroga tashrifi rejalashtirilgan. Uning doirasida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazamiz.

Ushbu hamkorlik nafaqat universitetlarimiz, balki ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman.

Alessandra Chirafichi, Kampaniya universiteti dizayn va moda bo‘yicha bakalavr kursi rahbari, professor:

– Biz O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildik va ular bilan Buxoroda Kampaniya universiteti kampusini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi taʼlim, madaniyat, halqaro hamkorlik sohalarida aloqalarni rivojlantirish yo‘lida boshlang‘ich, ammo juda muhim qadam hisoblanadi.

Men Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari bilan ipak ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib bordim va bu biz uchun juda qiziqarli soha ekanini taʼkidlamoqchiman. Kelgusi yilning bahorida Kampaniya universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazamiz.

Mavzuga oid

Janubiy Koreya Milliy saylov komissiyasi...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi (MSK)...

O‘zbekiston bojxona xizmati mutaxassisla...

O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasining bir guruh mutaxassislari 15-26 noyabr kunlari Kor...

Oliy Majlisda parlamentlararo hamkorlik ...

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik gu...

So`nggi yangiliklar