21/May/2022 Madaniyat
BUXORO, 21 may. /“Dunyo” AA/. Ko‘hna va hamisha boqiy Buxoroda o‘tkazilayotgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik hamda Milliy kashtado‘zlik sanʼati festivaliga Butunjahon Hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Kaddumi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
Buxoro viloyat hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida buxorocha mehmonnavozlik bilan kutib oldi.
Shuningdek, Toshkent-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan parvozda xorijiy hunarmandlar bilan birga mamlakatimizning taniqli sanʼatkorlari, jurnalist va blogerlar ham keldi.
Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini yana-da kengroq namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishdan iboratdir.
Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Buxoro shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatining turli yo‘nalishlari, ayniqsa, zardo‘zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan.