Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/Dekabr/2021   "Dunyo" AA reportaji

Bugun Seul shahrida Alisher Navoiy haykali ochildi

SЕUL, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi voqealari doirasida Seul shahridagi Socho tumani “Seocho-dong 1498-4” ko‘chasida o‘zbek xalqining buyuk bobokaloni, davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiy byustining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 


Yodgorlik shaharning gavjum chorrahasida o‘rnatilgan bo‘lib, uning ro‘parasida Koreya Respublikasi Oliy sudi va Oliy prokuraturasi binosi joylashgan. Bu yerda, shuningdek, zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy maskanlari qad rostlab turibdi, savdo va tibbiyot markazlari, kutubxona faoliyat yuritadi.

Yodgorlikning umumiy balandligi 2,8 metrni tashkil etadi. Xususan, byust 80 santimetr, marmar ustun 1,8 metr, tagkursi 20 santimetrdan iborat. Byust bronzadan yasalgan bo‘lib, unga tillasifat rang berilgan. Ustun va tagkursisi Janubiy Amerikadan keltirilgan oq marmardan yasalgan. Marmar ustunga bobokalonimiz ism-sharifi (lotin alifbosida) va “O‘zbek xalqining buyuk ajdodi, adabiy tili asoschisi” so‘zlari koreys tilida bitilgan.

Byust joriy yil 14 iyul kuni Toshkent shahar Mirobod tumani hamda Seul shahri Socho tumani o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik va do‘stlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv bayonnomasi” asosida o‘rnatildi.

Alisher Navoiy yodgorligini Seul shahrida o‘rnatish loyihasi O‘zbekiston Prezidentining buyuk shoir va mutafakkir tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida mumtoz adabiyotimiz namoyondasining adabiy-ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan amalga oshirildi.

Haykal ushbu mamlakatda yodgorlik va haykallarni yaratish bo‘yicha yetakchi sanalgan «Malong Company» kompaniyasi tomonidan zamonaviy haykaltaroshlik uslublaridan foydalangan holda bajarildi. Ushbu jarayon bilan bog‘liq barcha xarajatlar Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi homiyligida qoplandi.

Buyuk bobokalonimiz yodgorligining badiiy saviyasi yuzasidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining xulosasi olindi va ushbu muassasa mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.

Alisher Navoiy haykalining rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Janubiy Koreya Demokratik partiyasi bosh kotibining o‘rinbosari Li Jung Kun, boshqa rasmiy kishilar, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillari, adabiyotchilar, talabalar ishtirok etdi.

Mavzuga oid

Tokio-2020: Yozgi Paralimpiya o‘yinlarid...

Joriy yil 24 avgust - 5 sentyabr kunlari Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo...

Vazir Yosimasa Xayasi: Yaponiya hukumati...

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayaci boshchiligidagi delegatsiya bugun O‘zbekisto...

Bahriddin Chustiyning mega-palovi Dubayd...

Kecha Dubay (BAA) shahrida bo‘lib o‘tayotgan “EKSPO-2020” Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbeki...

So`nggi yangiliklar